Mansab ketidan mansab: Qodirovning kenja o‘g‘liga yangi lavozim berildi
Olam
−
24 aprel 15109 2 daqiqa
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning kenja o‘g‘li, 17 yoshli Adam Qodirov respublika Xavfsizlik Kengashi kotibi etib tayinlandi. Bu haqda departament matbuot xizmatining Telegram-kanalida xabar berildi.
“Checheniston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Adam Ramzanovich Qodirovning buyrug‘ini bajarish doirasida”, deyiladi xabarda.
2023 yilning noyabr oyidan beri kichik Qodirov Checheniston rahbarining xavfsizlik xizmatini boshqarib kelmoqda. Adam Qodirov 2023 yilning sentyabrida Qur’onni yoqib qo‘ygani uchun qo‘lga olingan volgogradlik Nikita Juravelni kaltaklagani aks etgan videoyozuv e’lon qilinganidan keyin keng shuhrat qozongan edi. Otasi o‘g‘lining qilmishidan g‘ururlanganini aytgandi. Shundan so‘ng, Qodirov bir nechta mukofotlarga sazovor bo‘ldi, jumladan, Checheniston Respublikasi Qahramoni unvoni va Qodirov ordeni.
Ma’lumot uchun, Checheniston Xavfsizlik Kengashi 2012 yilning may oyida mintaqa rahbarining farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, u favqulodda vaziyatlarning oldini olish va mahalliylashtirish hamda umumiy xavfsizlik segmentidagi boshqa vazifalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan maslahat organi hisoblanadi. Kengash tarkibi to‘liq Ramzan Qodirov tomonidan shakllantirilgan. 2024 yilning 1 iyulidan boshlab Checheniston Xavfsizlik Kengashi kotibi lavozimini Qodirovning jiyani Hamzat Qodirov egallab kelayotgandi.
2023 yilda Adam Qodirov Chechenistonda tashkil etilgan va Baysangur Binoyevskiy nomi bilan ataluvchi Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus bataloni kuratori lavozimiga tayinlangan. U otasining xavfsizligini ta’minlash bo‘limi rahbari lavozimiga 2023 yil oxirida, 15 yoshida tayinlangan. 2023 yil aprelida esa Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlar universitetining kuratori bo‘lgan. 2024 yil oktyabr oyida Adam Qodirov Rossiya rekordlar kitobiga kiritilib, Rossiya hududi rahbarining eng yosh xavfsizlik xizmati boshlig‘i sifatida qayd etilgan.
Joriy yilning fevral oyi oxirida hali voyaga yetmagan Adam Qodirovga Arab arbitraj sudi a’zosi guvohnomasi umrbod muddatga berilgan. Ushbu sud Arab davlatlari ligasi huzuridagi organ bo‘lib, tijoriy va iqtisodiy nizolarni, shu jumladan, davlatlararo nizolarni hal etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Adam Qodirovga “Liviya faxriy mehmoni” medali topshirilgan. Bu mukofot Checheniston delegatsiyasining Misrga tashrifi chog‘ida berilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 aprel kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov Ichki ishlar vazirligining mintaqaviy boshqarmasi kuratori etib tayinlangandi.
Live
Barchasi