“Manchester Siti” “Norvich”ni yanchib tashladi
Sport
−
21 avgust 2021
2420Bugun, 21 avgust kuni “Manchester Siti” Angliya Premer ligasining 2-tur uchrashuvida “Norvich Siti” qabul qilib, yirik hisobda g‘alaba qozondi. O‘yin “Etihad” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning 7-daqiqasidayoq “Siti” hujum uyushtirdi va raqib jamoa posboni Tim Krul o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. 22-daqiqada Gabriel Jezus qanotdan uzatgan to‘pni Jek Grilish darvozaga aniq yo‘lladi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limning 64-daqiqasida “Norvich” himoyachilarining xatosidan unumli foydalangan Aymerik Lyaport jamoasining 3-golini raqib darvozasiga kiritdi. 71-daqiqada Jezusning uzatmasidan so‘ng, Rahim Sterling bo‘sh qolgan darvozaga aniq zarba yo‘lladi. O‘yindagi so‘nggi golni Riyad Mahrez kiritdi. Ushbu vaziyatda himoyachi Ruben Diashning to‘p oshirishidan unumli foydalanib, jazoirlik futbolchi Tim Krulni ojiz qoldirdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi — 5:0.
Uchrashuv shu tariqa “Manchester Siti”ning yirik g‘alabasi bilan o‘z yakuniga yetdi. O‘yinni Grem Skott boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib bordi.
Eslatib o‘tamiz, “Shaharliklar” birinchi turda Londonning “Tottenxem” klubiga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan. “Norvich” esa “Liverpul” bilan o‘yinda o‘z darvozasidan javobsiz uchta to‘p olib chiqqan edi.
Ma’lumot o‘rnida, “Manchester Siti” o‘tgan mavsumda 86 ochko bilan chempionlikka erishgan edi. “Norvich Siti” esa Chempionship g‘olibligini qo‘lga kiritib, APLga yo‘l oldi.
LiveBarchasi