Mamlakatni buzishga yo‘l qo‘ymayman – Lukashenko tashqi kuchlar haqida keskin gapirdi
Olam
−
19 iyun 2020
6337Belarus hukumati tashqi kuchlar ishtirok etgan mamlakatni beqarorlashtirishning keng miqyosli rejasini chipakka chiqardi. Bu haqda bugun, 19 iyun kuni Prezident Aleksandr Lukashenko bank tizimi ishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
"Biz Belarusning beqarorlashtiruvchi va mamlakatni “maydan”ga aylantirishni maqsad qilgan rejalarni buzish uchun bir necha qadam tashladik. Maqsad shu edi. Nafaqat bu yerda o‘tirgan qo‘g‘irchoqlarning, balki tashqarida turgan qo‘g‘irchoqbozlarning ham niqobi yirtildi”, dedi Lukashenko.
Belarus Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, "bugungi kunda barcha siyosiy manfaatlar diqqat markazida Belarus ham G‘arb, ham Sharq sifatida turibdi”.
"O‘tgan kun davomida vaziyatni kuzatar ekanman, ba’zi kuchlarning kuchayganini ko‘rayapman. Ular kuchayib, mamlakatdagi vaziyatni o‘zgartirmoqda. Biz buni uzoq vaqtdan beri kuzatmoqdamiz", dedi Lukashenko.
U mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. "Prezident va butun hayotini ushbu mustaqil suveren davlatni yaratishga bag‘ishlagan odam sifatida, men hech kimning bu mamlakatni buzishiga yo‘l qo‘ymayman. Siz va boshqalar meni tushunishlarini istayman. Men uchun Belarusdan buyukroq narsa yo‘q”, dedi Lukashenko.
11 iyun kuni Respublika Davlat nazorati qo‘mitasining (DNQ) Moliya-qidiruv boshqarmasi “Belgazprombank”da o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng 243-moddaning 2-qismi ("Katta miqdorda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash") va 235-moddasi 2-qismi ("Jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
18 iyun kuni DNQning xabar berishicha, “Belgazprombank”ning sobiq rahbari va Belarus Prezidentligiga nomzod Viktor Babariko noqonuniy faoliyat olib borganligi sababli hibsga olingan. Viktor Babariko bilan birga uning saylovoldi shtabini boshqarayotgan o‘g‘li Eduard DNQ qamoqxonasiga jo‘natildi.
“Belgazprombank” ishida jami 20 kishi hibsga olindi. 19 iyun kuni Belarus Bosh prokurori Jinoyat kodeksining "Jinoiy tashkilot tuzish yoki unda ishtirok etish" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Sudlanuvchilar 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Belarusda prezidentlik saylovi joriy yilning 9 avgust kuniga belgilangan.
LiveBarchasi