Mamlakat “Toliboniston”ga aylanishni xohlamaydi – Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti

Olam

image

“Tolibon” harakati diktaturasi Afg‘oniston tomonidan qabul qilinmaydi, mamlakat “Toliboniston”ga aylanmoqchi emas. Bu haqda Afg‘onistonning sobiq birinchi vitse-prezidenti Amrulloh Solih bugun, 24 avgust kuni “India Today” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Afg‘oniston “Toliboniston”ga aylanishini xohlamaymiz. Bunday bo‘lmaydi, lekin “Tolibon” bunga erishmoqchi”, deydi Solih.

Shuningdek, sobiq birinchi vitse-prezident “Tolibon” Panjsher viloyatining bir qismini bosib olgani haqidagi da’volarini rad etgan. 

“Bu butunlay yolg‘on, biz vaziyatni nazorat qilyapmiz, Panjsher himoyachilarining ruhiyati juda yuqori. Biz konstruktiv muzokaralarga, shuningdek muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz”, deydi Solih.

Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat

Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.

"Tolibon" pozitsiyalariga qarshi hujumga o‘tgan qarshilik kuchlari bir qancha tumanlarni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

59

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing