Malika Diananing ukasi uning o‘limi haqidagi “haqiqat”ni ochadi

Olam

image

Buyuk Britaniyaning marhum malikasi Diana Spenserning ukasi Charlz Spenser opasining hayoti, shahzoda Charlz bilan nikohi va Parijdagi halokatidan keyingi voqealar haqida kitob yozdi. U asarda vaqt o‘tishi bilan “haqiqat” sifatida qabul qilingan ayrim ma’lumotlarga o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib javob beradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Spenserning aytishicha, Diana vafotining 30 yilligi yaqinlashgani sababli u opasi haqida intervyu berish bo‘yicha yana ko‘plab so‘rovlar olgan.

“Bu meni boshqalarning fikrlarini yana o‘qish noqulayligidan ko‘ra, o‘z fikrlarim va xotiralarimni bir marta va butunlay yozib qoldirishga ishontirdi. Chunki ularning ko‘pchiligi vaqt o‘tishi bilan haqiqat sifatida qabul qilingan yolg‘onlarga asoslangan”, degan Spenser.

Uning ta’kidlashicha, kitobdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Diana haqidagi haqiqatni uning ukasi nuqtai nazaridan aytib berish.

Qayd etilishicha, Charlz Spenserning “Swan Song: Diana, My Sister” (“Oqqush qo‘shig‘i: Diana, mening opam”) deb nomlangan kitobi joriy yilning 22 sentyabr kuni Buyuk Britaniyada nashr etiladi. Asar 12 tilga tarjima qilinishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Diana Spenser 1961 yil 1 iyul kuni Angliyaning Norfolk grafligidagi Sandringem qirollik mulkida joylashgan Park House qarorgohida tug‘ilgan. U 1981 yilda o‘sha paytdagi Uels shahzodasi, hozirgi qirol Charlz III ga turmushga chiqqan. Shundan so‘ng, u dunyodagi eng ko‘p suratga olingan ayollardan biriga aylangan. Biroq ularning nikohi buzilib, 1996 yilda ajrashish bilan yakunlangan.

Diana 1997 yilning avgustida 36 yoshida sevgilisi Dodi al-Fayed bilan avtomobilda ketayotganganida Parij ko‘chalarida halokatga uchragan. Buning oqibatida malika vafot etgan. Diananing ukasi Charlz Spenser esa uning dafn marosimida qirollik oilasini tanqid qilgan mashhur nutqi bilan odamlarning yodida qolgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing