Malika Diananing 40 yillik ko‘ylagi dunyodagi eng qimmat libos deb topildi
Bu qiziq
−
19 dekabr 2023
12529Malika Diananing 1985 va 1986-yillarda kiygan libosi rekord darajada, 1 148 080 dollarga (904 699 funt sterling) sotildi. Bu haqda "The Telegraph" nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, malikaga tegishli qora baxmaldan tikilgan kechki libos Gollivuddagi “Julien's” auksionida sotilgan. Mutaxassislarning fikricha, libosning asl qiymati 100 ming dollarni (78 801 funt sterling) tashkil etgan, biroq ko‘rgazmada u 11 baravar qimmatiga xarid qilingan.
Diana dizayner Jak Azaguri jamoasi tarafidan tayyorlangan bu libosni ikki marta kiygan: 1985 yilda Italiyada shahzoda Charlz (hozirgi Buyuk Britaniya qiroli Charlz III) bilan qirollik gastroli paytida va 1986 yilda Vankuver simfonik orkestri konsertida.
Bundan tashqari, malika 1981 yilda shahzoda Charlz bilan unashtirilgani munosabati bilan tashkil etilgan fotosessiyada kiyib tushgan bluzka ham kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Katta jingalak yoqali bluzka asl narxidan 4 baravar qimmatga 381 000 dollar (300 228 funt sterling)ga sotildi.
Bu holat ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. 15 sentyabr kuni “Sotheby's” auksion uyi o‘z veb-saytida Britaniya malikasi Diananing qizil jemperi 1,1 million dollardan ko‘proqqa tushganini e’lon qilgandi. Diana birinchi marta 1981 yil iyun oyida bo‘lajak turmush o‘rtog‘i shahzoda Charlz bilan polo o‘yinida jundan to‘qilgan jemperini kiygan. Libos Londonning uncha taniqli bo‘lmagan “Warm & Wonderful” firmasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, o‘yin vaqtida olingan fotosuratlar gazetalarda chop etilganidan so‘ng ishlab chiqaruvchiga ko‘plab buyurtmalar tushgan.
Eslatib o‘tamiz, 17 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 1990-yillarda xalq deputatlari Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahar kengashida ishlagan davridagi tashrif qog‘ozi kimoshdi savdosida sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi