Malika Diananing o‘limi haqidagi “haqiqat”ni ochuvchi kitob nusxalari o‘g‘irlab ketildi

Olam

image

Charlz Spenserning opasi – Malika Diana haqida yozgan, hali nashr etilmagan kitobining niderland tilidagi 4 ta nusxasi Niderlandiyada bosmaxonadan omborga olib ketilayotgan yuk mashinasidan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Niderlandiya politsiyasi esa voqeadan xabardor ekani va hodisa yuzasidan tergov olib borilayotganini ma’lum qilgan. Manbaning aytishicha, yuk mashinasi haydovchisi kitoblar o‘g‘irlangan paytda avtoturargohda majburiy tanaffus qilayotgan va kabinasida uxlab yotgan bo‘lgan.

Hodisa shu hafta boshida Niderlandiyaning qishloq hududlaridan birida sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Biroq politsiya o‘g‘irlik aynan qayerda yuz berganini oshkor qilmagan.

Ma’lum qilinishicha, “Swan Song: Diana, My Sister” kitobi joriy yilning 22 sentyabr kuni Buyuk Britaniyada va butun dunyoda namoyish etiladi va malika Diananing hayoti haqida graf nuqtai nazaridan hikoya qilinadi.

Qayd etilishicha, kitobning niderland tilidagi nashri Niderlandiyadagi nashriyotning bosmaxonasidan omborga olib ketilayotgan bo‘lgan. Mazkur nashrning huquqlariga Overamstel nashriyoti egalik qiladi. Kitobning asosiy nashriyotchisi esa Penguin Random House tarkibidagi Penguin Michael Joseph hisoblanadi.

BBC ushbu nashriyotlardan voqea yuzasidan izoh olishga uringan, biroq javob ololmagan.

Ma’lumot uchun, Diana Spenser 1961 yil 1 iyul kuni Angliyaning Norfolk grafligidagi Sandringem qirollik mulkida joylashgan Park-Xaus qarorgohida tug‘ilgan. U 1981 yilda o‘sha paytdagi Uels shahzodasi, hozirgi qirol Charlz III ga turmushga chiqqan. Shundan so‘ng u dunyodagi eng ko‘p suratga olingan ayollardan biriga aylangan. Biroq ularning nikohi buzilib, 1996 yilda ajrashish bilan yakunlangan.

Diana 1997 yilning avgustida 36 yoshida sevgilisi Dodi al-Fayed bilan avtomobilda ketayotganida Parij ko‘chalarida halokatga uchragan. Buning oqibatida malika vafot etgan. U vafot etgan paytda o‘g‘illari shahzoda Uilyam va shahzoda Garri 15 va 12 yoshda bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Charlz Spenser o‘tgan oy kitob nashr etilishini e’lon qilgan edi. Kitob Malika Diananing hayoti va uning ukasi bilan munosabatlari haqida hikoya qiladi. Uning nashri Diananing vafotining 30 yilligi arafasida chiqarilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing