Malika Diananing ukasi qirol Charlz haqida keskin da’volarni ilgari surdi
Olam
−
14:21 1412 3 daqiqa
Buyuk Britaniyaning marhum malikasi Diana Spenserning ukasi Charlz Spenser yangi kitobida qirol Charlzning Diana vafotidan keyingi xatti-harakatlari haqida bir qator da’volarni ilgari surdi. Bukingem saroyi esa uning bayonotlariga noodatiy darajada keskin javob qaytardi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Swan Song: Diana, My Sister” nomli kitob bugun, 22 sentyabr kuni sotuvga chiqarilgan. Unda Spenser opasi Diananing hayoti, qirol Charlz bilan nikohi va 1997 yildagi vafoti haqida o‘z xotiralarini bayon qilgan.

Kitobdan oldindan e’lon qilingan parchada Spenser Diana vafotidan keyin o‘sha paytdagi shahzoda Charlzning kayfiyati haqida keskin fikr bildirgan. Uning yozishicha, Charlz Diananing o‘limidan so‘ng nihoyatda xursand bo‘lgan.
Shuningdek, Spenser Diana dafn marosimida uning o‘g‘illari Uilyam va Garrining tobut ortidan yurishi masalasida Charlz bilan tortishuv bo‘lganini yozgan. Unga ko‘ra, o‘sha paytda 15 yoshli Uilyam va 12 yoshli Garri bunday vazifani bajarishga majbur qilinmasligi kerakligini aytganida, Charlz unga baqirgan.
Spenser kitobni tarixning guvohi sifatidagi burchi deb hisoblagani uchun yozganini bildirgan. Biroq Bukingem saroyi uning xotiralarini shubha ostiga olgan. Saroy bayonotida aka-ukaning qayg‘usi aqlni xiralashtirishi, qarorlarga ta’sir qilishi va xotiralarni o‘zgartirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Spenser esa saroyning bu munosabatini keskin tanqid qilgan. Uning aytishicha, bunday bayonot go‘yoki u yolg‘on gapirganini anglatadi, biroq qirol Charlzning o‘zi uning aytganlarini rad eta olmaydi.
Diana va qirol Charlzning nikohi
Charlz Spenser 17 yoshida, 1981 yilda 20 yoshli opasi Diananing o‘sha paytdagi shahzoda Charlzga turmushga chiqishiga guvoh bo‘lgan. Ularning nikohi butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otgan.
Diana va Charlzning Uilyam hamda Garri ismli ikki o‘g‘li bo‘lsa-da, 1990-yillarga kelib, ularning oilaviy munosabatlari yomonlashgani va bu holat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani ma’lum.
Juftlik 1996 yilda rasman ajrashgan. Oradan bir yil o‘tib, Diana Parijda avtomobil halokatida 36 yoshida vafot etgan.
Diananing dafn marosimida Spenser nutq so‘zlab, uning hayoti va shaxsiyatiga yuqori baho bergan. Marosimni dunyo bo‘ylab milliardlab odamlar kuzatgan.
Charlz Spenser 1964 yilda tug‘ilgan va Britaniya qirollik oilasi bilan yaqin aloqaga ega aristokratik oilada ulg‘aygan. Marhum qirolicha Yelizaveta II uning cho‘qintirgan onasi bo‘lgan.
U Oksford universitetida tarix bo‘yicha tahsil olgan, keyinchalik NBC News telekanalida ishlagan. 1992 yilda otasi vafot etgach, Angliya markazidagi oilaviy Altorp mulkini meros qilib olgan.
Spenser tarixiy mavzudagi bir qator kitoblar yozgan. 2024 yilda esa maktab-internatda bolalik davrida boshdan kechirgan zo‘ravonlik, e’tiborsizlik va yolg‘izlik haqida “A Very Private School” nomli memuarini chop etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Charlz Spenserning opasi – Malika Diana haqida yozgan, hali nashr etilmagan kitobining niderland tilidagi 4 ta nusxasi Niderlandiyada bosmaxonadan omborga olib ketilayotgan yuk mashinasidan o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi