Malayziyada o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklar tirik – TIV
3-sahifa
−
30 iyun 8129 2 daqiqa
Avvalroq, Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar o‘zbekistonlik o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular tirik va jazo muddatini o‘tamoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2010 yil sentyabr oyida O‘zbekiston fuqarolari N.S., N.D. va J.J. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinishda Malayziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan. Keyinchalik Malayziya sudi tomonidan ularga nisbatan o‘lim jazosi tayinlangan.
Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan 2013, 2014, 2016 va 2020 yillarda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi hamda mamlakat Qiroli nomiga ularni afv etish to‘g‘risida bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan. 2018 yilda Malayziyada o‘lim jazosini ijro etishga moratoriy joriy etilgan. Keyinchalik, 2024 yil 18 mart kuni kuchga kirgan “O‘lim va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolarini olgan shaxslarning ishlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qonun asosida Malayziya Oliy sudi mazkur uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan chiqarilgan avvalgi o‘lim jazosini 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirgan.
Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun nazarda tutilgan imtiyozlar inobatga olinganda, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030 yilda yakunlanishi kutilmoqda. Hozirgi vaqtda ular Malayziyaning Selangor shtatidagi Kajang qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda.
“O‘zbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi tomonidan ular bilan muntazam konsullik uchrashuvlari o‘tkazilib, zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni bundan buyon ham davom ettiradi”, deydi Omonulla Fayziyev.
Live
Barchasi