Malayziya 127 falastinlikni G‘azodan evakuatsiya qildi
Olam
−
16 avgust
2869Malayziya G‘azodan 127 falastinlikni muvaffaqiyatli evakuatsiya qildi va ularni Janubi-Sharqiy Osiyo davlatidagi xavfsiz joyga olib keldi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, erkaklar, ayollar va bolalardan iborat guruh Malayziya Qirollik havo kuchlari samolyotida Subang aviabazasiga yetib kelgan. Ushbu qutqaruv missiyasi joriy yilning 4 avgust kuni Kuala-Lumpurda “Falastin uchun birdamlik” mitingi chog‘ida operatsiya haqida ma’lum qilgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim tashabbusi bilan boshlangan.
Mudofaa vaziri Xolid Nordin operatsiyani tasdiqlab, Malayziyaning mojarodan jabr ko‘rganlarga gumanitar va tibbiy yordam ko‘rsatishga sodiqligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, evakuatsiya qilinganlar ushbu inqiroz davrida falastinliklarga yordam berish bo‘yicha mamlakatning kengroq sa’y-harakatlari doirasida Malayziyada tibbiy yordam oladi.
Ma’lumot uchun, davom etayotgan mojaro G‘azoda og‘ir muammolarga olib keldi, o‘tgan yilning 7 oktyabrida Isroilning G‘azoga hujumi boshlanganidan beri 40 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi va 92,4 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Mojaro G‘azoning keng hududlarini vayronaga aylantirdi va oziq-ovqat, toza suv va dori-darmonlarning keskin tanqisligiga olib keldi. Isroilning xatti-harakatlari xalqaro miqyosda qoralangan va Xalqaro Sudda genotsidda ayblangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Falastin Prezidenti Mahmud Abbos G‘azo sektorida davom etayotgan urush bilan bog‘liq xavf-xatarlarga qaramay, unga tashrif buyurish niyatida ekani xabar qilingandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi