Maktablarni ochishda ota-onalar fikri o‘rganiladi – Shermatov murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2020-2021 o‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash haqida taklif kiritilgan. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Telegram orqali o‘tkazilgan va deyarli 1 mln foydalanuvchi qatnashgan so‘rovnomada 70 foiz ota-ona bolasi sog‘lig‘idan xavotirda bo‘lib, uyda o‘zi onlayn o‘qitishi mumkinligi, 30 foizi esa pandemiya sharoitida ham farzandini maktabga yuborishini bildirgan.

“Shuning uchun, aholini ko‘proq qatlamini rozi qilishni inobatga olib, faqat 3-ssenariy, ya’ni ota-onalarning o‘zlariga tanlash huquqini berish eng optimal variant bo‘lib turibdi”, deydi Shermatov.

Vazir ba’zi xorijiy davlatlarda maktablar ochilganidan keyin kasallanish ortishi sababli qayta yopilganini ham eslatib o‘tgan. Shu bilan birga koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaqin orada butkul izga tushmasligi ham ta’kidlanib, maktablar ochilmasa, bolalar o‘qishdan ortda qolishi mumukinligini aytib o‘tgan.

“Bir tomondan, internetda ba’zi davlatlarda maktablar ochilib, kasallik ko‘payishi natijasida qaytadan yopilgani, bolalar o‘zi kuchli kasallanmasada, kattalarga qaraganda kuchliroq virus tashuvchisi bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalyapti.

Ikkinchi tomondan, bu virusdan yaqin orada qutilmasligimizni, vaksina ishlab chiqilgan taqdirda ham uni barcha havfsizlik sinovlaridan o‘tkazishga va ishlab chiqarib bizga yetib kelishiga ancha vaqt ketishi ham aniq. Shunga, ushbu vaqt davrida farzandlarimiz bilim olishdan orqada qolib ketmasliklari zarur”, deydi vazir.

Karantin qoidalarining yumshatilishi kasallik holatlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi, ularni davolashga ham qo‘shimcha vaqt talab etilishi kerakligi hamda o‘qish boshlanishidan avval ularni davolab, kamaytirish muhimligi kabi faktorlarni inobatga olib ekspertlar fikridan kelib chiqib, bu yilgi o‘quv yilini 14 sentyabr – dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritilgan.

Shuningdek, bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, havfsiz hududlardagi ba’zi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishini o‘rganib chiqish ham rejalashtirilgan. 

“Maktabga o‘quvchilarning bir vaqtda kelmasligi, kirayotganda isitmasi o‘lchanishi, barcha darslar bir sinf xonasida o‘tilishi, tanaffusda sinf havosi shamollatilishi, o‘quvchilarga ijtimoiy masofani saqlashni tushuntirish kabi qator talablar ishlab chiqilib, joylardagi barcha maktablarda ijrosini ta’minlanish choralari ko‘rilish kerak bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Sherzod Shermatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun-erta barcha maktablarda ota-onalardan so‘rovnomalar o‘tkazilyapti.

“Bizga har bir ota-onaning fikri muhim. Iltimos, ushbu so‘rovnomada faol qatnashing! Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aynan sizning farzandingiz maktab ochilganda maktabga borib o‘qiydimi yoki uydan onlayn o‘qiydimi degan savolga faqat siz javob bera olasiz! Bizga esa bu so‘rovnomalar barcha maktablar kesimida aniq, ob’ektiv holat bo‘yicha ma’lumotni yig‘ishga imkon beradi.

Maktablar qayta ochilishi, ta’limni aralash ko‘rinishda tashkil etish, albatta, maktab jamoasiga qo‘shimcha mas’uliyat va vazifalar yuklaydi. Shuning uchun, ushbu jarayonlarda, hurmatli ota-onalarimizdan, pedagoglar mehnatini ham qadrlashlarini so‘rab qolamiz!”, deya so‘zini yakunlagan XTV rahbari.

Avvalroq, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maktablarni ochish masalasi ko‘rilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Shermatov

Baholaganlar

201

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing