Maktablardagi majburiy to‘lovlar qonunbuzarlikmi yo zarurat?
Intervyu
−
22 Oktabr
4946Maktab boshlanishi bilan “yig‘di-yig‘di”lar ham boshlanishi barchaga ma’lum. Hali maktab, hali sinf fondi. Yil oxirida maktab ta’miri uchun yig‘iladigan pul.
Hech bir mezonlarda ko‘rsatilmagan va hech qayerda qayd qilinmagan ushbu mablag‘larni talab qilish noqonuniy hisoblansa-da, farzandiga o‘qituvchining munosabati o‘zgarishidan cho‘chiydigan ota-onalar ushbu asossiz to‘lovga rozi bo‘lishadi. Aslida esa maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan pul ajratilishini hamma bilsa kerak. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ham tez-tez eslatmalar beriladi.
Jumladan, 29 avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan maktablarda ota-onalardan majburiy undiriladigan fond puli haqida so‘ralganda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev quyidagicha javob bergan edi:
“Byudjetdan tashqari mablag‘ ishlatgan maktablar bor. O‘sha elementar xizmatni maktabning o‘ziga ko‘chirib, ya’ni qo‘shimcha pullik darslarni yo‘lga qo‘yib, o‘qituvchilarga ustama puli to‘layotgan maktablar mavjud. Mahalliy byudjet hozirda 10 mingdan ziyod maktablarni qoplayapti, desak yolg‘on gapirgan bo‘lamiz. Sinf va maktab fondiga pul yig‘ish noto‘g‘ri. Agarda shunday holat kuzatilsa, bizning ishonch telefonlarimizga murojaat qilishingiz mumkin.
Ammo shuncha ogohlantirishlar va qonuniy taqiqlarga qaramay maktablarda yangi o‘quv yili bilan birga “yangi yig‘im-terim” ishlari boshlangani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ aholi orasida so‘rovnoma o‘tkazdi.
“Fond puli yig‘iladimi, yig‘ilmaydimi, bilmayman. Lekin biz “kraska”, parda va gulga, remontga pul beramiz, menimcha shu fond puli bo‘lsa kerak”, deydi shahar obodonlashtirish xizmatida ishlaydigan ayol.
Bolasi maktabga boradigan boshqa bir ona esa yilda bir bor remontga pul berishini aytmoqda.
“Bir yilda yuz mingdan yig‘ishyapti. Bermasak, bermading deyishadi. Ota-onalar gapiradi, bermaganning ro‘yxatini o‘qituvchiga berishadi. Bolamni ajratib qo‘yishadi, majbur to‘laymiz keyin”, deydi farzandi 3-sinfda o‘qiydigan ayol.
Ayrim ota-onalar bu yig‘-yig‘lar farzandi uchun ekani va bunga rozi ekanlarini aytishdi.
“To‘lasak, farzandimiz uchun to‘laymiz, yaxshi sharoitda bilim olishlarini xohlaymiz, davlat hammasini birdek ta’minlab berolmaydi. Biz bunga qarshi emasmiz. Rozimiz, hamma narsa beriladi. Ruchkasi qolmasa, o‘qituvchi ruchka beradi, daftar beradi. Bolalarning esidan chiqib qoladi-da ba’zida daftar-ruchka olib borish. Shu fondning hisobidan bo‘lsa kerakda”, deydi yana bir ona.
Farangiz Qosimova
LiveBarchasi