Maktablar endi xavfsiz emas: 10 yashar bolaga magnit yuttirildi, o‘lim bilan qo‘rqitildi

3-sahifa

Reklama
0:00

Inson non yutishi mumkin, meva yutishi mumkin lekin magnitni yutish unga xos emas. Yashnobod tumanidagi  151-maktabda esa 9 yoshli bolaga yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan magnit bilaguzuk yuttirilgan. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning hayratiga, ota-onalarning xavotiriga sabab bo‘ldi. QALAMPIR.UZ holatni batafsil o‘rganish uchun voqea joyiga keldi.

Biz maktab direktori va o‘quvchining sinf rahbari bilan suhbatlashdik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, holat joriy yilning 3 sentyabr kuni sodir bo‘lgan va undan keyingi kunlarda bola odatdagidek darsga kelgan.

“Mazkur holat 3 sentyabr kuni yuz bergan. O‘quvchi hojatxonaga chiqishga ruxsat so‘radi. Bola 10 daqiqadan so‘ng xotirjam va hech qanday bezovtalik alomatlarisiz sinfga qaytgan hamda darslarni odatdagidek davom ettirdi. 4 sentyabr kuni ham o‘quvchi maktabga sog‘lom va hech qanday shikoyatlarsiz keldi. Ertasi, shanba kuni soat 17:00 atrofida esa, uning onasi bolaning qorni og‘riyotganini ma’lum qildi. Shifoxonada bolaning qornida yot jism aniqlangan. Shundan so‘ng holat yuzasidan ariza berilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Voqeaning qayerda, qachon va qanday sodir bo‘lgani tergov yakunida aniqlanadi. Bino ikki bo‘limdan iborat bo‘lgani uchun o‘sha paytda bizning bo‘limda faqat birinchi sinfdan to‘rtinchi sinfgacha bo‘lgan bolalar bor edi. Ya’ni, begona odamlar u yerda bo‘lmagan”, deydi bolaning sinf rahbari.

Maktab direktori esa voqea haqida xabar topgach, o‘quvchining ahvolini bilish uchun shifoxonaga borgan. U holat haqida shunday deydi:

“Men kasalxonaga borganimda, o‘sha kasalxonaning shifokori Erkin aka bilan bog‘landim. Kirganimda u bolaning ahvoli haqida gapirib o‘tdi. U operatsiya qilingani, kerak bo‘lsa yana qayta operatsiya qilinishi ehtimoli borligini aytdi. O‘sha vaqtda shifokorlar onasiga dori retseptini yozib bergan ekan, birga dorixonaga borib, o‘sha kerakli dorilarni topib, olib berdik”.

151-sonli maktab o‘quvchilari esa voqea haqida ijtimoiy tarmoqlardan xabar topganliklarini, maktabda avval bunday hodisa yuz bermaganini aytdi.
Holat haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining matbuot kotibi bilan bog‘landik.

“Bu ma’lumot isbotini topmagan, tergov jarayoni davom etayotgan ekan, yana qayta xulosa berishadi. Hozirda maktab hovlisi, koridorlariga videokamera qo‘yilgan. Lekin hojatxona tarafga qo‘yilmagan ekan. Endi o‘sha tarafga ham kamera o‘rnatish choralari ko‘riladi”, dedi Dilfuza Sobirova.

So‘ngra Toshkent shahar ikkinchi bolalar jarrohlik klinik shifoxonasiga 3-sinf o‘quvchisining holati qanday ekanligini bilish uchun bordik. Shifokor bemor holati haqida ma’lumot berdi:

“Bemorimiz kelganda qorindagi og‘riqdan, ko‘ngil aynishidan, bir marta qusishdan shikoyat qilib kelgan. Kerakli davo muolajalari o‘tkazilgan va ingichka ichakdagi yot jism tashxisi qo‘yilgan. Tegishli tayyorgarlikdan keyin operatsiyaga olingan. Operatsiya vaqtida ingichka ichakda yot jism – magnit sharlari aniqlangan. Magnit sharlari olib tashlandi, teshiklar tikildi va kattaroq teshilgan joyida ichak rezeksiya qilib ulandi. Hozir bemor reanimatsiyada, ahvoli o‘tkazilgan operatsiyaga mos. Ahvoli yaxshilangandan keyin shoshilinch jarrohlik bo‘limiga o‘tkazamiz”.

Biz ushbu masala yuzasidan ichki ishlar vazirligiga murojaat qilganimizda ular holat haqida hech qanday ma’lumot taqdim etmadi. O‘rganish ishlari olib borilayotgani, tergov yakunlangach batafsil ma’lumot berilishini bildirdi.

Jabrlanuvchining onasi bilan suhbatlashganimizda farzandi reanimatsiyada ekanligini aytib, OAVlariga chiqishni istamasligini ma’lum qildi. Voqealar rivojini Qalampir.uz’da kuzatib boring.

Jasmina Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing