“Maktab solig‘i”dan tortib, qimmatbaho mulk uchun soliqqacha... Prezidentlikka nomzod Inoyatovning dasturi qabul qilindi

Jamiyat

image

Bugun, 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod hamda nomzodning dasturi tasdiqlandi. Bu haqda partiyaning matbuot xizmati xabar berdi.

Qurultoyda so‘zga chiqqan partiya faollari prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Ulug‘bek Inoyatov nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. Qurultoyda nomzod masalasi bo‘yicha muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovni nomzod sifatida ko‘rsatish haqida qaror qabul qilingan. 

Shuningdek, qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masala ham atroflicha muhokama qilingan.

Nomzod dasturida ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish ekani ko‘rsatib o‘tilgan.

Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishlarida 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilgan. 

Xususan, ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi sifatida kuchli ijtimoiy siyosat sohasida pensiya tizimini takomillashtirish, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish, ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish, pencionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Bundan tashqari, barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi sifatida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat, reklama bilan shug‘ullanayotganlar daromadlarini soliqqa tortish, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish kabi tashabbuslar o‘rin olgan.

Shu bilan birga, nomzodning dasturida ijtimoiy tenglikka va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruv tizimini isloh etish bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish, ayrim davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish, davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirish hamda siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalarining huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.

Keltirilishicha, dasturda ochiqlik va milliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangan konstruktiv tashqi siyosat masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ushbu yo‘nalishda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ulug'bek Inoyatov O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing