“Iste’foga chiqmaysizmi, janob?” Inoyatovdan lavozimidan ketish so‘ralmoqda

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida faoliyat yurituvchi “Surxon ovozi” gazetasi Bosh muharriri Qurbonboy Jo‘ranazarov “Xalq” demokratik partiyasidan prezidentlikka sobiq nomzod Ulug‘bek Inoyatovdan iste’foga chiqishni so‘rab maqola e’lon qildi.

“Betga aytganning zahri yo‘q” rukni ostida chop etilgan “Iste’foga chiqmaysizmi, janob?” nomli maqola gazetaning 2023 yil 5 sentyabr sonidan o‘rin olgan bo‘lib, unda muharrir Ulug‘bek Inoyatovning saylovda ko‘rsatgan natijasi o‘ta uyatli ekanini aytib, uni “qo‘g‘irchoq” deb atagan.

“Ulug‘bek Ilyasovich! Saylov ham kurash maydoni. Mard maydonga tushadi. Maydonga tushgan or uchun halol kurashmog‘i lozim. O‘shanda elning olqishiga sazovor bo‘ladi. Raqibdan qo‘rqqan, hayiqqan maydondan nariroq yurgani ma’qul. Qandaydir manfaatni ko‘zlab, shunchaki nomiga ko‘rinish berish uyat emasmi? Nima qiladi o‘zini ham, boshqalarni ham ahmoq qilib? Kurash maydoni qo‘g‘irchoqlar tomosha ko‘rsatadigan joy emas, axir”, deyilgan maqolada.

Uning aytishicha, o‘tgan Prezidentlik saylovlarida fikrlar xilma-xilligi sezilmagan, siyosiy raqobat muhiti yaratilmagan. 

“Xullas, hammasi xamirdan qil sug‘urgandek silliqqina kechdi. Saylovoldi dasturingizda hech qanday yangi fikr, yangi g‘oyani ko‘rmadik. Quruq safsatadan nariga o‘tilmadi va shunga yarasha “mukofot”ini ham oldingiz. Ovoz berish natijalari buning dalilidir. Atigi 4,02 foiz ovoz olib, nomzodlar orasida oxirgi o‘ringa tushib qolishingizga bir bahya qoldi, xolos. Bu siz rahbarlik qilayotgan partiya uchun sharmandali holat emasmi? Chinakam demokratik davlatlarda saylovda mag‘lubiyatga uchragan partiya yetakchisi darhol o‘z xohishi bilan lavozimidan voz kechadi”, degan Jo‘ranazarov.

Qolaversa, u o‘z murojaatida davom ettirar ekan, Inoyatovning joriy yilning 9 iyulida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi befarqligi sabab, “Xalq” demokratik partiyasi mavqeyiga putur yetganini qo‘shimcha qilgan.

“Shunday ekan, partiya Markaziy Kengashi raisi vazifasidan iste’foga chiqsangiz mardning ishi bo‘lar edi. Bizda-ku bunday an’ana yo‘q. Siz boshlab bersangiz zap ish bo‘lardi-da. Bu mening shu yurt fuqarosi, saylovchi sifatidagi shaxsiy fikrim. Siz nima deb o‘ylaysiz, janob?” deya XDP raisi Inoyatovga iste’fo so‘rab murojaat qilgan Jo‘ranazarov.

Ma’lumot uchun, Ulug‘bek Inoyatovdan avval Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning ham iste’fosi so‘ralgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

iste'fo Ulug'bek Inoyatov Surxon ovozi Qurbonboy Jo'ranazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing