Yana saylov, yana va’dalar

Jamiyat

O‘zbekiston Ekologik partiyasi – “Tabiat uchun birlashaylik!”

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – “Har bir insonning farovonligi uchun!”

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!”

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!”

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – “Va’da emas natija, ertaga emas bugun”.

Joriy yilning 27 sentyabr kuni 5 partiya o‘rtasida saylovoldi debati bo‘lib o‘tdi. Unda partiya rahbarlari ishtirok etib, saylovchilarning savollariga javob berdi va o‘zaro munozaraga kirishdi. Xo‘sh, deputatlar bu safar xalqqa nimalarni va’da berishadi? Odamlar ko‘proq qaysi partiyaga ishonadi?

27 oktyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovida agar “Milliy tiklanish” partiyasi g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ayollarni o‘z xohishiga ko‘ra harbiy xizmatga jalb etmoqchi.

“Maktabni tugatib, oliy ta’limni davom ettirmayotgan yoshlarni majburiy armiyaga jalb qilmoqchimiz, ayollar esa o‘z xohishiga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashi mumkinligini aytganmiz. Bu qadriyatlarimizga uyg‘un. Vatanni himoya qilishda erkak yoki ayol degan tushuncha bo‘lmaydi”, dedi partiya yetakchisi Alisher Qodirov.

Agar saylovda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovda g‘alaba qozonsa, bolalarning yo‘llarda halok bo‘lishini to‘xtatmoqchi. Buning uchun esa yo‘l qoidasini buzganlik uchun javobgarlikni oshirmoqchi.

“Inson hayotiga tajovuz qilish, garchand qasddan bo‘lmasa ham, jazolanishi kerak. O‘tgan yilning o‘zida avtoavariya tufayli 2282 ta fuqaro vafot etgan. Undan 263 tasi bolalar. Biz yo‘l qoidasini muntazam buzganlar uchun jazoni kuchaytirib, kerak bo‘lsa, umrbod haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilamiz”, dedi “Adolat” SDP yetakchisi Robaxon Mahmudova. 

O‘zini tadbirkorlar partiyasi deya tanishtiradigan, ammo tadbirkorlarning quyosh panellarini majburiy tarzda o‘rnatishiga jim qarab turgan  O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi esa fermerlarni himoya qilmoqchi. 

“Tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, fermer xo‘jaligining ishlariga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalalarini dasturimizga kiritganmiz”, dedi partiya yetakchisi Aktam Hayitov.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi esa o‘zining saylovoldi dasturlariga imkoniyati cheklangan insonlarni davlat idoralariga ishga joylashtirish va shu bilan ijtimoiy tenglikni ta’minlashni maqsad qilgan.

“Milliondan ortiq nogironligi bor shaxslarga ham teng imkoniyat yaratishimiz kerak. Ularning parlamentda o‘rin egallashi, mahalliy kengashda bo‘lishi, umuman davlat idoralarida faoliyat yuritishi jamiyatning rivojlanishiga xizmat qiladi va jamiyatni tenglik, barqarorlikka olib keladigan omil hisoblanadi”, dedi Ulug‘bek Inoyatov.

Agar O‘zbekiston Ekologik partiyasi g‘alaba qilsa, O‘zbekistonda daraxt ekilgan bironta joy auksionga qo‘yilmaydi. 

“Okean va dengizlardan uzoq bo‘lgan O‘zbekistonni  global isishdan faqatgina daraxtlar qutqara oladi.  Shu sababli saylovoldi dasturimizga daraxt bor joylarni auksionga qo‘ymaslik va daraxt kesganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish, kerak bo‘lsa, yerini tortib olish takliflarini kiritganmiz”, dedi Ekopartiyaning yuqori vakili Abdushukur Hamzayev.

Partiya rahbarlari garchi boshqa davlatlardagi saylovlar kabi ochiq-oshkora, bahsli, tortishuvli va hatto janjalli raqobatni ko‘rsatmayotgan bo‘lsa ham, debat davomida o‘tkir savollar bilan bir-birini “o‘yib olish”ga urindi.

Masalan, O‘zLiDeP O‘zbekistonda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlaymiz, deb va’da berib yubordi. 

“So‘z erkinligi O‘zLiDeP uchun doimo muhim bo‘lib kelgan, so‘nggi vaqtlarda internet nashrlarimiz, mustaqil faoliyat yurituvchi blogerlarimiz ko‘paydi. Ochiqlik siyosatini davom ettirish dasturimizda belgilangan.  Shuningdek, uy-joy masalasi doimo muhim masala bo‘lib kelgan. Bu dasturimizga 1 mln xonadonni keyingi 5 yilda qurish, shu bilan birga, arzonlashtirish va uzoq muddatli ipotekalarni xalqimizga taqdim qilish kiritilgan”, deya va’dasini bayon qildi partiya raisi Aktam Hayitov.

Shuningdek, partiya migrantlarni ham qo‘llamoqchi. Ammo qanday qo‘llaydi, buni aniq aytmadi. Migrantlarning Rossiyada qanday qiyinchilikka uchrayotgani, ularga qanday yordam bermoqchiligi haqida gapirmadi Hayitov.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yosh oilalarning uy-joy olishida subsidiyalarni ko‘paytirish, aholining yer sotib olish imkoniyatini oshirish tarafdori ekanligini ta’kidlashiga qaramasdan boshqa partiya vakili tomonidan partiyaning saylovoldi dasturi quruq gaplardan iborat ekani va hatto ba’zi takliflari xayolparastlikdan boshqa narsa emasligi aytildi.

“Biz subsidiyalarni ko‘paytirish va ularni qurilish tashkilotlarining o‘zlaridan olishni rejalashtiryapmiz. Sababi ipoteka kreditlarini foizi bilan qaytarish kerakligi barchamizga ma’lum.  Subsidiya esa beg‘araz yordam. Buning uchun esa qurilish tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ularning yer olishi uchun imtiyozlar yaratib bermoqchimiz.  Bundan tashqari, qayta taqsimlash vositalarini adolatli taqsimlash tashabbusini ilgari suramiz. Qolaversa, progressiv soliq tizimini joriy qilmoqchimiz. Bu borada rivojlangan davlatlar tajribalariga tayanamiz. Bu tizim davlat byudjetini ko‘paytirishga va kambag‘allikni qisqartirishga olib keladi”, dedi “Adolat” raisi Robaxon Mahmudova.

“Milliy tiklanish” partiyasi xorijliklarga ishonmayapti, shekilli. Qodirov mamlakatni rivojlantirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tayanmoqchi. 

“Biz 40 millionga yaqinlashib qolgan xalq bo‘lsak, shu holatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga suyanmasdan, maqsadi faqat foyda olish bo‘lgan investorlarga tayanish bizning iqtisodiyotimizni xavf ostida qoldiradi. Shu sababli mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ayrim masalalarda, xususan, xorijga chiqish, ya’ni eksport masalasida qo‘llab-quvvatlamasak bo‘lmaydi.  Bundan tashqari, ajrim jarimalarni oshirishni reja qilganmiz. Oilani saqlab qolish uchun bu yechim muhim hisoblanadi. Qolaversa, yangi avlod pedagoglarini tayyorlamoqchimiz. Bu jabhada ishlarni abituriyent tanlovidan boshlaymiz. Ya’ni pedagogik qobiliyati bo‘lmagan abituriyent pedagogikaga qabul qilinmasligi kerak. Bu uzoq muddatli jarayon. Davlat tili masalasiga keladigan bo‘lsak, bu borada hammamiz birlashib, bir yoqadan bosh chiqarmasak, islohotlar islohotligicha, qonunlar esa qonunligicha qolib ketaveradi”, deydi Alisher Qodirov.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ijtimoiy uy-joylarni ko‘paytirish taklifi boshqa partiya vakili tomonidan adolatsizlik deb baholandi. Gap shundaki, ijtimoiy uy-joylarni ko‘paytirish tadbirkorlardan majburiy ulush olish yo‘li orqali amalga oshirilar ekan.

“Biz yirik qurilish kompaniyalarini ijtimoiy uy-joylarni qurish uchun hamkorlikka taklif etishni reja qilganmiz. Bu orqali uysiz nochorlarning uy bilan ta’minlanishini maqsad qildik. Kompaniyalar esa o‘z mablag‘ini keyingi yillarda qaytarib olishadi”, demoqda Ulug‘bek Inoyatov.

Bundan tashqari, bu partiya yosh bolalarni har xil gadjetlardan uzoqlashtirish, ularni real hayotga qaytarish uchun bolalar o‘yingohlarini ko‘paytirishni reja qilgan emish. 

“Farzandlarimiz axborot texnologiyalaridan uzoqlasha olmay qolgani barchamizga ma’lum. Biz bu borada bolalar o‘yingohlarini ko‘paytirishni reja qilganmiz. Ularning jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishi tarafdorimiz. Maydonchalarni bolalar yoshiga moslab ushlab turish masalasini shirkatlarga yuklamoqchimiz. Biz qonunchilikda mana shu shirkatlarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham ko‘rib chiqyapmiz”, dedi u.

Debat davomida eng ko‘p tanqidlarga Ekologik partiya raisi Abdushukur Hamzayev chidash berdi. Boshqa partiya vakillari uni ko‘chaga chiqmay turib taklif yozishda aybladi va ayrim takliflarini reallikdan yiroq, deya baholadi.

“Har yili 2-4,5 mln tonna zaharli gazni atmosferaga chiqaramiz. Shundan 1.4 millioni avtotransportlardan chiqyapti. Shu sababli 2030 yildan boshlab poytaxt va yirik shaharlarda ichki yonuv dvigatelli avtotransport vositalarining harakatini taqiqlash taklifini saylovoldi dasturimizga kiritganmiz, bizga temir kerakmi, umr kerakmi?!

Qolaversa, bizga organik toza mahsulot kerak. Xalqimizga sintetikadan holi mahsulot yetkazib berishni ham o‘z dasturimizga kiritganmiz. Dehqonchilik va bog‘dorchilikda foydalanilayotgan dori vositalari foydali hasharotlarni qirib yubordi. Ozuqa zanjiri buzildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zararkunandalarga chidamli navlarini yaratish bo‘yicha ish olib borayotgan olimlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, dedi Ekopartiya rahbari Abdushukur Hamzayev.

Maryam Choriyeva 


Maqola muallifi

Teglar

O'zLiDeP O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Adolat” sotsial demokratik partiyasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O'zbekiston Ekologik partiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing