Kurs UZS

USD

12 926.51

-9.17

EUR

14 092.48

-72.09

RUB

156.00

-2.8

Maktab va bog‘cha direktorlarining maoshi oshiriladi

Jamiyat

image

Prezidentning tegishli farmoni bilan maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdorlari oshirilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ma’lum qildi.

“Keyingi yillarda o‘qituvchilarimiz, bog‘chadagi pedagoglarimiz oylik maoshlarini oshirish, ustamalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha qator islohotlar qilindi va bu jarayon davom etyapti. Endilikda maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari hamda bog‘chalarimiz rahbarlari maoshlarini oshirishga navbat yetdi”, deydi vazir.

Bildirilishicha, farmonda quyidagilar belgilangan:

  • maktab direktori va uning o‘rinbosarlari hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdorlari oshirilmoqda.

  • 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirilib, bog‘chalarimiz direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi. Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktab direktorlari, 7 mingga yaqin bog‘cha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor o‘rinbosarlarining ish haqi miqdorlari oshiriladi.

  • 2026 yil 1 yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

Shuningdek, tuman bo‘limlarida qo‘shimcha shtatlar ajratilmoqda va bu o‘quvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, o‘quvchilarga xorijiy til va kasbga o‘rgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, hududiy bo‘linmalar xodimlaringning ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish joriy etilmoqda (Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi).

Shu bilan birga, maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (amalda 50 foizgacha) miqdorida etib belgilanmoqda.

“Yana bir muhim o‘zgarish – avvallari maktablarimizning bo‘sh turgan binolari ijarasidan tushgan mablag‘larning 40 foizigina o‘sha maktabda qolardi. Endilikda ushbu mablag‘larning 75 foizi o‘sha maktab rivojiga sarflanadi.

Umid qilamanki, tizimdagi yuz minglab xodimlar hayoti, rag‘batlanishiga doir mazkur Farmon xodimlarimiz moddiy imkoniyatlarini yanada yaxshilab, ularga motivatsiya beradi, ish unumdorligini oshiradi. Pedagoglar, maktabgacha va maktab tizimi moddiy tomonlama ham jozibador sohaga aylanishi lozim, davlatimiz rahbari qo‘llovlari bilan bu masala bosqichma-bosqich hal etilmoqda”, deydi vazir Umarova.


Maqola muallifi

Teglar

maktab direktori Hilola Umarova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing