Maktab darsliklari bepul bo‘ladi
Jamiyat
−
15:54
13952025 yilda maktablarda o‘quvchilar uchun darsliklar ijarasi tekin bo‘lishda davom etadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yilda ham 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.
“2025 yil uchun davlat budjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Shunday qilib, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnoma loyihasida darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat byudjeti hisobidan chop etilishi O‘zbekistondagi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishiga va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatiga sabab bo‘layotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi