Maksim Fadeyev Farrux Zokirovni ayblab, FXXga murojaat qildi
Madaniyat-san’at
−
30 noyabr 2023
24962Ko‘p yillar Rossiyada istiqomat qilgan asli o‘zbekistonlik xonanda Nargiz Zokirova Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llashini tan olgandan so‘ng uning sobiq prodyuseri Maksim Fadeyev xonandani qoraladi. Uning tog‘asi – O‘zbekiston xalq artisti Farux Zokirovni jiyanini amaliy qo‘llab kelayotganlikda aybladi. Fadeyev bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan.
Gap shundaki, kecha, 29 noyabr kuni Nargiz Zokirovaga prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini Ukrainaning sobiq madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko deb tanishtirgan. Telefon suhbatida esa Zokirova Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llashini tan olgan va Donetskni bombardimon qilishda ishlatiladigan raketalarga o‘z ismini yozishlarini so‘ragan.
“U men bilan bo‘lgan munosabatlarida bu qizil chiziqni ancha oldin bosib o‘tgandi. Ammo bu safar holat juda jiddiy. Men buni ekstremizm va ommaviy qotillikka chaqirish, deb bilaman. Bularning barchasi jamoatchilik oldida sodir bo‘lyapti”, deb yozdi Fadeyev.
Prodyuser so‘zida davom etarkan, Nargiz Zokirovaning xatti-harakatlari, Rossiyaga nisbatan qarshiligi va Ukrainaga xayrixohligi ortida uning tog‘asi – O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov turganini yozgan.
“Dasturni tomosha qilib, men ham siz kabi bularning barchasi ortida uning amakisi Farrux Zokirov turganini tushundim”, deydi u.
Bundan tashqari, Fadeyevning bildirishicha, Nargiz suhbatda turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston fuqaroligini olganidan so‘ng Rossiya pasportini yoqib yuborish niyati borligini bildirgan va Rossiya fuqarolari hamda mamlakat rahbariyatini haqorat qilgan. Fadeyev esa bularning ortida uning tog‘asi turganini aytmoqda.
“Men omma oldida ko‘tarmoqchi bo‘lgan bir masala bor: bu jiyanining tartibsizliklarini xaspo‘shlayotgan Farrux Zokirov mavzusi. U faol ravishda Rossiya Federatsiyasi bo‘ylab gastrollarda bo‘lib, shu yerda pul ishlab yuribdi”, deydi Fadeyev.
U o‘z munosabatida Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmatiga murojaat qilib, Farrux Zokirovning Rossiya hududidagi konsertlariga e’tibor qaratishni so‘ragan
Ma’lumot o‘rnida, Nargiz Zokirova O‘zbekistonda taniqli musiqachilar oilasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov, Farrux Zokirov va Jamshid Zokirov uning tog‘alari.
1995 yilda esa Nargiz Zokirova ota-onasi bilan birgalikda AQSHga ko‘chib ketgan. 2013 yilda u Rossiyaning “Ovoz” (“Golos”) televizion loyihasida ikkinchi o‘rinni egallagan.
2022 yilning 24 may kuni Toshkentdan Moskvaga borgan xonanda Nargiz Zokirova Domodedovo aeroportida qo‘lga olindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati qabul qilgan qarorga ko‘ra, xonanda O‘zbekistonga qaytarilganidan so‘ng, Rossiya haqida keskin fikrlar bildirgani uchun 50 yilga – 2072 yilgacha Rossiyaga kirish huquqidan mahrum qilingan.
LiveBarchasi