Makronning xotini erkak emasligi isbotlandi
Olam
−
05 yanvar 17128 2 daqiqa
Parij jinoiy sudi Fransiyaning birinchi xonimi Brijit Makronni internet orqali ta’qib qilish, haqoratlash va u haqda yolg‘on ma’lumotlar tarqatish bilan bog‘liq ish bo‘yicha hukm chiqardi. Sud qaroriga ko‘ra, o‘n nafar shaxs Prezident rafiqasiga nisbatan kiberbezorilik qilganlikda aybdor deb topildi. Bu haqda bugun, 5 yanvar kuni BFM xabar berdi.
Tergov materiallariga ko‘ra, sudlanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda Brijit Makron go‘yoki erkak bo‘lib tug‘ilgani va transgender ayol ekani haqidagi fitna nazariyasini faol ravishda tarqatgan.
Shuningdek, ular Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi o‘rtasidagi 24 yillik yosh farqini omma oldida masxara qilgan, haqoratli va kamsituvchi iboralar ishlatgan.
Sud raisi Terri Donnarning ta’kidlashicha, ayblanuvchilar jabrlanuvchiga nisbatan “qasddan zarar yetkazish niyati” bilan, “yovuzona, tahqirlovchi va haqoratli” so‘zlar orqali yolg‘on axborot tarqatgan. Oqibatda ushbu mish-mishlar qisqa vaqt ichida butun dunyoga yoyilgan.
Sud qaroriga binoan, sakkiz nafar sudlanuvchi to‘rt oydan sakkiz oygacha shartli qamoq jazosiga hukm qilingan. Sud majlisida qatnashmagan ayblanuvchilardan biriga esa olti oylik qamoq jazosi tayinlangan.
Mahkumlar orasida mashhur reklama agentligi rahbari Orelien Puasson (Zoé Sagan taxallusi bilan tanilgan) sakkiz oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan. U, shuningdek, raqamli makonda insonlarni hurmat qilish bo‘yicha maxsus kursni o‘tashi shart. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunti ham to‘xtatildi. Folbin Amandin Rua esa xuddi shunday qo‘shimcha choralar bilan olti oylik shartli qamoq jazosiga hukm etilgan. Prokuratura ularni Brijit Makronga qarshi dezinformatsiya kampaniyasining asosiy tashabbuskorlari sifatida baholagan.
Sud jarayonida Brijit Makronning qizi Tiphen Ozer ham so‘zga chiqib, onasiga nisbatan kuchayib borayotgan nafrat va bosimni qoralagan. Uning aytishicha, ushbu yolg‘on axborotlar Brijit Makronning shaxsiy hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Bu to‘xtovsiz davom etayotgan xabarlar girdobi onamning sog‘lig‘ini yomonlashtirdi”, degan Tiphen Ozer.
Ayni paytda AQSH sudida ham Fransiya birinchi xonimining transgenderligi haqidagi mish-mishlarni faol tarqatib kelayotgan o‘ta o‘ng qanot faoli Kendis Ouensga qarshi shunga o‘xshash da’vo ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur da’vo Emmanuel Makron tomonidan qo‘zg‘atilgan.