Makronning ashaddiy tanqidchisi o‘lik holda topildi
Olam
−
08 iyul 6610 2 daqiqa
Fransiyaning quyi palatasi – Milliy Assambleya deputati, o‘ng qanotdagi “Respublikachilar” partiyasidan saylangan deputat Olive Marleks o‘lik holda topildi. Bu haqda prokuror Frederik Shevalega tayanib, “France 24” xabar berdi.
Deputatning jasadi uning saylov okrugi bo‘lmish Anet kommunasida topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlament a’zosi o‘z joniga qasd qilgan.
Marleks 54 yoshda bo‘lgan, u sobiq bosh vazir Mishel Barne bilan yaqin siyosiy hamkorlik qilgan. Jasad deputat yashagan uyda jandarmalar tomonidan topilgan. AFP xabariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan shaxs kommunaning meri bo‘lgan.
“Respublikachilar” partiyasi Marleksning o‘limini tasdiqlagan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi postida uni “tajribali siyosatchi” deb atab, “o‘z g‘oyalarini qat’iy himoya qilgan inson” sifatida ta’riflagan.
“Bizning kelishmovchiliklarimiz ham hurmatga sazovor edi, chunki ular mamlakatimizga bo‘lgan muhabbatimiz asosida baholanardi”, deb yozdi Makron.
Nitssa meri Kristian Estrozi va “Milliy birlashuv” partiyasi parlament fraksiyasi yetakchisi Marin Le Pen ham ta’ziya bildirgan.
Marleksning o‘limi munosabati bilan Fransiya Milliy Assambleyasi 7 iyul kuni kechqurun o‘z yig‘ilishini qisqa muddatga to‘xtatgan va bir daqiqa sukut saqlagan.
Qayd etilishicha, u ilk bor 2012 yilda parlamentga saylangan. Ungacha, 2007-2012 yillar davomida Prezident Nikolya Sarkozi davrida uning maslahatchisi bo‘lgan.
Marleks Prezident Makron siyosatining faol tanqidchisi edi. U Alstom Fransiya energetika kompaniyasining Amerikaning General Electric konserniga sotilishi bilan bog‘liq shartnoma tafsilotlarini o‘rganish uchun tashkil etilgan parlament komissiyasiga rahbarlik qilgan. Deputat ushbu bitimdan olingan mablag‘larning bir qismi 2017 yilda Makronning Prezidentlik kampaniyasini moliyalashda ishlatilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.