Makron o‘tkazayotgan Falastin bo‘yicha konferensiya qoldirildi
Olam
−
17 iyun
3177BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida bugun, 17 iyun kuni boshlanishi kerak bo‘lgan Yaqin Sharq bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya mintaqadagi vaziyat keskinlashgani sababli qoldirildi. Bu haqda tashkilotchilarning maxsus press-relizida aytilgan.
“Biz Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar va mintaqadagi keskinlik kuchayib borayotganidan chuqur xavotirdamiz va Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani tashkil etish bo‘yicha ishni vaqtincha to‘xtatayotganimizni e’lon qilishga majburmiz”, deyiladi Misr Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Shu bilan birga, tashkilotchilar “Konferensiya doirasida rejalashtirilgan davra suhbatlari yaqin kunlarda o‘tkazilishini” alohida ta’kidladi. Konferensiya raislari va hamraislari “ilk fursatda oliy darajadagi uchrashuv chaqirilishi haqida e’lon qilishlarini” ta’kidladi, ammo hozircha taxminiy sanani ko‘rsatmagan.
17-20 iyun kunlari Saudiya Arabistoni va Fransiya BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal etishga qaratilgan global sa’y-harakatlarni ilgari surish maqsadida yuqori darajadagi konferensiya tashkil qilishi kerak edi.
13 iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlanishi fonida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron konferensiya “logistika va xavfsizlik” tufayli qoldirilayotganini ma’lum qildi.
Umuman olganda, Falastin davlatini BMTga a’zo 148 davlat tan olgan. 95 davlatda Falastin elchixonalari va doimiy vakolatxonalari mavjud. “Ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili 1967 yilda poytaxti Sharqiy Quddus bilan chegarada Isroil bilan tinch-totuvlikda yashayotgan mustaqil Falastinni yaratishni nazarda tutadi.
LiveBarchasi