Makron Falastinni tan olish burch ekanini aytdi
Olam
−
31 may
2333Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Falastin davlatini tan olishni “axloqiy burch” deb atadi. Bu haqda u Singapurdagi Shangri-La Dialogue forumida so‘z ochdi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Makron Falastin davlatini tan olish muayyan shartlarga rioya qilish bilan birga bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. U Falastin davlati Isroilning mavjudligi va xavfsizligini tan olsa, HAMAS harakati qurollarni tashlasa, HAMAS Falastin boshqaruvida ishtirok etishdan voz kechsa hamda asirlar ozod qilinsagina tinchlikka erishish mumkinligini aytgan.
Fransiya rahbari, agar Isroil yaqin soatlarda yoki kunlarda G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatga maqbul yechim taklif qilmasa, xalqaro hamjamiyat Tel-Avivga nisbatan yanada qat’iy pozitsiya egallashi zarurligini bildirgan.
U Yevropa Ittifoqi o‘z tamoyillariga muvofiq harakat qilishi, inson huquqlariga hurmat asosida shakllangan jarayonlarni yakunlashi va sanksiyalar joriy etishni ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidlagan.
“Biz yanada qat’iy harakat qilishimiz kerak, chunki bu hozir zarur bo‘lib qoldi. Ammo men hali ham Isroilning pozitsiyasi o‘zgarishiga va gumanitar yechim topilishiga umid qilaman”, degan Makron.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 7 oktyabr kuni Isroil G‘azoga hujumlarini boshlaganidan beri Fransiyadagi muxolifat Falastin davlatini zudlik bilan tan olish talablarini kuchaytirdi. 2024 yilda Makron Falastin davlatini tan olish Fransiya uchun “tabu” emasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Fransiya rahbari Falastinni tan olish kerakligini bir necha bor aytgan. Ilk bor u iyun oyida o‘zi hamraislik qiladigan ikki davlat yechimi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Fransiya Falastin davlatini tan olishi mumkinligini aytgandi. Prezidentning aytishicha, konferensiya Falastinni tan olish masalasini nihoyat hal qilishni rejalashtirmoqda. Keyinchalik “Israel hayom” nashri ham Saudiya Arabistoni va Fransiya joriy yilning iyun oyida Isroil ishtirokisiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida Nyu-Yorkda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazishi haqida maqola e’lon qildi. Nashrning yozishicha, ushbu anjumanda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha aniq muddatlar va ijro mexanizmlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Fransiya va Saudiya vakillari boshchiligida bo‘lib o‘tadigan anjumanda munozaralar va rasmiy sessiyalar o‘tkaziladi hamda Falastin davlatini barpo etish uchun amalga oshiriladigan doiraviy reja ishlab chiqiladi. Ushbu tashabbus Isroilning bu boradagi pozitsiyasini butunlay chetlab o‘tadi. Qolaversa, 19 may kuni kechqurun Yelisey saroyi matbuot xizmati uch davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya va Kanada Bosh vazirlari Kir Starmer va Mark Karni Isroilning G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshlaganiga keskin qarshi chiqdi hamda Isroil hukumatini “o‘zining jirkanch bayonotlari” uchun tanqid qilgandi. Netanyaxu, o‘z navbatida, ba’zi G‘arb davlatlari rahbarlarining bunday bayonotlari o‘rinsiz, degan fikrni bildirdi.
LiveBarchasi
Dollar kursi yana oshdi.
15 iyul
Moskva yana suv ostida qoldi.
15 iyul