Makron Ukrainaning zudlik bilan YeIga kirishiga qarshi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina mojarosi tugaganidan keyin Yevropa Rossiya bilan kelajakdagi munosabatlarini eng tinch va sodda yo‘l bilan qurishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda u bugun, 31 may kuni Bratislavada (Slovakiya) bo‘lib o‘tgan Globsec xalqaro xavfsizlik konferensiyasida so‘z ochdi.

“Yevropa mudofaa siyosati NATOning muhim qismidir. Bu uzoq muddatda ishonchni mustahkamlashning yagona yo‘li. Biz yevropaliklar kelajakda o‘zimizni himoya qilish va qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarni o‘rnatish qobiliyatiga ega bo‘lishimiz kerak. Bizning geografiyamiz o‘zgarmaydi, Rossiya o‘sha chegaralari bilan Rossiya bo‘lib qoladi va biz ertangi Rossiya bilan eng tinch va hech qanday qiyinchiliksiz birga yashashimizga imkon beradigan makonni qurishimiz kerak”, degan Makron nutqida.

Shuningdek, Makron Yevropada energetika, texnologiya va harbiy sohada ko‘proq suveren imkoniyatlarni yaratish tarafdori ekanini bildirgan. Fransiya rahbari 2022 yilning mart oyida Versalda Yevropa Ittifoqi sammitida erishilgan bu boradagi kelishuvlarni amalga oshirishni tezlashtirishga chaqirgan.

Bundan tashqari, Makron yangi davlatlar, jumladan, Ukrainani Yevropa Ittifoqiga dastlabki islohotlarsiz zudlik bilan kiritish xato bo‘lishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi yangi a’zolarni qabul qilishdan oldin, ular o‘zining boshqaruv usullarini qayta ko‘rib chiqishi, shuningdek, yangi formatlarni yaratishi kerak.

“Yevropa Ittifoqining kengayishi bizning burchimiz va geosiyosiy manfaatlarimizdir. Lekin Moldova, Ukraina va Bolqon davlatlarini zudlik bilan Yevropa Ittifoqiga kiritishimiz kerak, deyish xato bo‘ladi. Chunki keyin qanday islohotlarni amalga oshirish kerakligini o‘ylash kerak. Bu yondashuv falokatga olib keladi, chunki biz Yevropani zaiflashtiramiz. Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi kerak bo‘lgan Sharqiy Bolqon mamlakatlari, Moldova va Ukrainaning adolatli umidlarini qondirish va geosiyosiy samaradorlikni saqlab qolishning yagona yo‘li ularning ba’zi islohotlarni amalga oshirishidir”, degan Fransiya yetakchisi.

Ma’lumot uchun, Albaniya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Turkiya va Chernogoriya Yevropa Ittifoqiga a’zolikka rasmiy nomzodlar sanaladi. Turkiya Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha eng uzoq muzokarachi bo‘lgan. U 2005 yildan, Chernogoriya 2010 yildan beri nomzod maqomida. 2022 yilda Ukraina va Moldova Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzodlar maqomini olgan. Biroq ushbu mamlakatlarning hech birida YeIga qabul qilinish uchun qat’iy muddatlar yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing