Makron Ukrainaga qo‘shin yuborish haqidagi gapi ortidan Parij va Kiyevda tanqidga uchradi
Olam
−
28 fevral
11306Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Ukraina haqidagi bayonotlari fransuz siyosatchilarining tanqidiga sabab bo‘ldi, Kiyev ham bunday ritorikadan norozi. Bu haqda “Politico” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ukrainaliklar Makronning “diplomatik xabarlari”ni emas, balki Fransiya yetakchi o‘rinlardan uzoqda qolib ketgan qurol yetkazib berishni afzal ko‘radi. Bundan tashqari, Fransiya Sotsialistik partiyasi va o‘ng markazchi Respublikachilar partiyasi vakillari mamlakat Prezidentini tanqid qildi.
Xususan, sotsialistlar yetakchisi Olive For, parlamentdagi “Milliy birlik” fraksiyasi rahbari Marin Le Pen, “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi asoschisi Jan-Lyuk Melanshon, “Vatanparvarlar” yetakchisi Florian Filippo va respublikachilar yetakchisi, parlament a’zosi Erik Sotti Makronni qoralagan.
Nashrning yozishicha, siyosatchilarning davlat rahbariga qarshi bunday chiqishlari mamlakat saylovchilarida aks-sado bermoqda. Bu, ayniqsa, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevroparlamentga saylovlar yaqinlashayotgani va Makron tarafdorlari ayni damda o‘ta chap va o‘ta o‘ngga nisbatan sezilarli darajada kamroq ovoz to‘plashi nuqtai nazaridan muhim.
Ma’lumot uchun, Makron 26 fevral kuni Parijda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 20 ga yaqin G‘arb davlati vakillari Rossiya Federatsiyasi bilan mojaroda Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlashni muhokama qilganda, Ukrainaga G‘arb davlatlarining quruqlikdagi kuchlarini yuborish ehtimoli mavzusi ko‘tarilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchilar ushbu mavzu bo‘yicha konsensusga erisha olmagan, ammo kelajakda bunday ssenariyni ham istisno qilib bo‘lmaydi.
Konferensiyadan so‘ng, ishtirokchi mamlakatlarning aksariyat vakillari Ukrainaga qo‘shin yuborishni rejalashtirmaganliklarini va bundan tashqari, Rossiyaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etishlariga qarshi ekanini bildirdi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurnening kecha, 27 fevral kuni bergan bayonotiga ko‘ra, G‘arb harbiylarining Ukraina hududida bo‘lishi muayyan turdagi yordam ko‘rsatish, jumladan, hududlarni minalardan tozalash va ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlashda talab qilinishi mumkin, biroq bu ularning mojaroda ishtirok etishini anglatmaydi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Makronning bayonotlarini sharhlar ekan, agar G‘arb qo‘shinlari Ukrainaga yuborilsa, NATO va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy mojaro muqarrar bo‘lishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, NATO davlatlari bundan xabardor bo‘lishi va “bu ularning manfaatlariga, eng muhimi, o‘z mamlakatlari fuqarolari manfaatiga mos keladimi-yo‘qmi, deb o‘zlariga savol berishlari kerak”.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans Ukrainaga askar yuborish niyatida emasligini aytgandi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ham Prezident Bayden Amerika qo‘shinlarining Ukrainadagi urushda ishtirok etishiga qarshi ekanini ta’kidladi.
LiveBarchasi