Starmer yaqin orada Ukrainaga boradi – OAV

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer yaqin haftalarda Ukrainaga tashrif buyurib, sulh shartlari kelishilgan taqdirda xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniyaning Ramshteyn harbiy bazasida ittifoqchilar bilan uchrashuvdan so‘ng Britaniya Bosh vazirining tashrifi rejalashtirilganini tilga olgan, ammo uning aniq sanasini oshkor qilmagan. Nashrning yozishicha, bu Starmerning Bosh vazir lavozimiga tayinlanganidan keyin Ukrainaga qiladigan ilk tashrifi bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, oldinroq Starmer Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan Chekersdagi qarorgohida muzokaralar o‘tkazgan. Starmer ofisiga ko‘ra, tomonlar Ukrainaga “mustahkam qo‘llab-quvvatlash”ni tasdiqlab, 2025 yilda Kiyevning kuchli pozitsiyasini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan. “Bloomberg” xabariga ko‘ra, liderlar Ukrainada qo‘shma tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish imkoniyatini ham muhokama qilgan. Bu tashabbus Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik kelishuvi tuzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi, biroq nashrning qayd etishicha, Vladimir Putin hozircha muzokaralarga tayyor ekanini ko‘rsatmayapti. 

Germaniyaning Ramshteyn shahridagi Ukraina bo‘yicha 25-yig‘ilishda Zelenskiy xorijiy tinchlikparvar kuchlarni Ukrainaga joylashtirish “Rossiyani tinchlikka majbur qilish uchun eng samarali vositalardan biri” bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Buni amalga oshirish uchun amaliy yondashishimiz kerak. Buyuk Britaniyadan bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni tasdiqlovchi signallarni oldik”, dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u Fransiyaning Ukraina hududida hamkor davlatlarning harbiy kuchlarini joylashtirish taklifi haqida eslatib, bunday choralar tinchlikka erishishni tezlashtirishini ta’kidlagan.

“Reuters” nashriga ko‘ra, Yevropa davlatlari jangovar harakatlar to‘xtatilsa yoki muzlatilsa, Ukrainaga tinchlikparvar missiyani yuborish imkoniyatini faol muhokama qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu missiyaning minimal soni taxminan 40 ming harbiyni tashkil qilishi mumkin. Bu kontingentning asosini Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Polsha harbiy bo‘linmalari tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili, iste’fodagi general Kit Kellogg Kiyevga oldindan rejalashtirilgan faktlarni aniqlash safarini keyinroqqa qoldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Kir Starmer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing