Makron Mirziyoyev sharafiga qabul marosimi uyushtirdi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimi uyushtirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qabulda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru boshchiligida Vazirlar Mahkamasi  a’zolari, taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.

Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralar tarixiy ahamiyatga ega ekanini, ularning natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Fransiya yetakchisi o‘tkazilgan muzokaralar natijalarini va imzolangan bitimlarni olqishlagan.

“Bir necha yil ichida biz energetika, suv resurslarini boshqarish, kommunal xizmatlar, transport, barqaror turizm kabi muhim sohalarda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga erishdik. Buning dalili sifatida Fransiya hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magida fransuz kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgani, hududlarda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratilayotgani, yoshlar kasb o‘rganib, hayotda o‘z o‘rnini topayotganini keltirishim mumkin”, deydi Emmanuel Makron.

Shuningdek, tomonlar xalqlar farovonligi yo‘lida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishlarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mirziyoev Makron Frantsiya-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing