Makron Mirziyoyevni Napoleon ta’sis etgan orden bilan mukofotladi
Jamiyat
−
13 mart
5953Kecha, 12 mart kuni Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mukofotni Mirziyoyevga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirgan. O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev mukofot uchun Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda sermahsul hamkorlikda yuksak natijalarga erishilgani, ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Faxriy legion ordeni 1802 yilda Napoleon Bonapart tomonidan ta’sis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi. Shu kungacha Rossiya Prezidenti Putin, Germaniyaning sobiq federal kansleri Angela Merkel, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kabilar shu orden bilan mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz,avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgandi.
LiveBarchasi