Makron “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishini e’lon qildi
Olam
−
16 avgust 4897 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya va AQSH Prezidentlari – Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvidan so‘ng, Ukrainaga yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvining o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 16 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Makronning aytishicha, har qanday barqaror tinchlik xavfsizlik kafolatlari bilan birga bo‘lishi kerak. Shu munosabat bilan u AQSHning bu jarayonga hissa qo‘shishga tayyorligini olqishlagan. Fransiya Prezidenti ushbu koalitsiya a’zolari bilan tez orada yana uchrashib, aniq yutuqlarga erishish ustida ishlash niyatida ekanini bildirgan.
“Har qanday barqaror tinchlik qat’iy xavfsizlik kafolatlari bilan birga bo‘lishi kerak. Shu munosabat bilan, AQSHning bu jarayonga hissa qo‘shishga tayyorligini olqishlayman. Biz bu masalada AQSH va “ko‘ngillilar koalitsiyasi”dagi barcha hamkorlarimiz bilan tez orada yana uchrashib, aniq yutuqlarga erishish uchun ishlaymiz. Shuningdek, so‘nggi 30 yilik voqealardan, xususan Rossiyaning o‘z majburiyatlarini bajarmaslikdagi odatidan saboq olish muhim”, deya yozgan Fransiya Prezidenti.
U qo‘shimcha qilib, Fransiya Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy bilan yaqin hamkorlikni davom ettirib, Yevropa manfaatlarini ta’minlashga intilishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, kecha, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan bugun, 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi (YeI) davlat rahbarlari Alyaskada Rossiya va AQSH Prezidentlari – Vladimir Putin va Donald Tramp o‘tkazgan sammit yakunlariga oid bayonot e’lon qilgandi. YeI yetakchilari Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanini bildirgan. Ular Kiyevga qurol yetkazib berish yoki Ukrainani YeI va NATOga integratsiyalashdan voz kechish bo‘yicha cheklovlarni rad etgan.
Live
Barchasi