Makron xotinini “erkak” degan amerikalik jurnalistni sudga berdi
Olam
−
24 iyul 6208 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makron Delaver shtati Oliy sudiga nufuzli konservativ faol va mashhur podkast boshlovchisi 36 yoshli Kendis Ouensga nisbatan tuhmat to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atdi. Bu haqda bugun, 24 iyul kuni bir qator Amerika ommaviy axborot vositalari, jumladan, CNN va “Financial Times” xabar berdi.
“Delaverda chorshanba kuni berilgan 218 sahifalik da’vo Ouensni “bema’ni, tuhmat va yolg‘on uydirmalar”ni chop etishda ayblaydi, ularning eng asosiysi Brijit Makron Jan-Mishel Trone ismli odam bo‘lib tug‘ilgani haqidagi da’vodir”, deb yozadi “Financial Times”.
Jurnalist o‘zining YouTube-kanalida deyarli 4,5 million obunachi bo‘lgan “Brijitga aylanish” nomli sakkiz qismdan iborat podkastni e’lon qildi, uning epizodlaridan biri “Fransiyaning birinchi xonimi erkakmi?” deb nomlanadi.
Bundan tashqari, Makronlarning sud bayonotiga ko‘ra, Ouens, shuningdek, Fransiya Prezidenti va uning rafiqasi qon-qarindosh va Emmanuel Makronning o‘zi “odamlar ustida Markaziy razvedka boshqarmasi tajribasi yoki MKUltra'ga o‘xshash hukumatning aqlni nazorat qilish dasturi natijasi ekanini ta’kidlagan.
Makronlar oilasining advokati Tomas Klerning so‘zlariga ko‘ra, Prezident va birinchi xonim sudda shaxsan ishtirok etish uchun Delaverga borishga tayyor.
O‘z navbatida, Kendis Ouensning vakili “Axios”ga “og‘zini yummasligini” aytdi va da’voni “AQSH Konstitutsiyasining birinchi tuzatishi bilan kafolatlangan amerikalik mustaqil jurnalistning huquqlariga hujum” deb atadi.
Fransiyaning birinchi xonimi erkak bo‘lib tug‘ilgan, degan fitna nazariyasi birinchi marta ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilda eshitilgan. Uning eng ko‘zga ko‘ringan tarafdorlari Kendis Ouens va Taker Karlson edi. Makronlarning da’vosiga ko‘ra, Amerika ommaviy axborot vositalarida Brijit Makronga qarshi “birinchi bo‘lib asossiz ayblovlar qo‘ygan” Ouens bo‘lgan.
Fransiyada Prezidentning rafiqasi shu kabi bayonotni tarqatgan jurnalist Natasha Reyga nisbatan allaqachon tuhmat yuzasidan sudga murojaat qilgan. 2024 yil sentyabrida sud Reyni jarimaga tortdi, ammo 2025 yil iyulida Parij apellyatsiya sudi uni oqladi. Jurnalistning advokatiga ko‘ra, u endi Brijit Makron ustidan sudga murojaat qilmoqchi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr