Makron bilan ko‘rishgan o‘zbekistonlik murabbiy bokschilarning imkoniyatini yuqori baholadi

Sport

image

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Fransiyaning Nansi shahridagi mashg‘ulotlarni yakunlab, hozirda Parijda Olimpiada bahslari uchun adaptatsiya jarayonlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda terma jamoa murabbiyi Farrux Qilichev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

“Nansidagi ikki haftalik mashg‘ulotimiz tugadi. Bokschilar bahslarga a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rdi. 5 yildan buyon mana shu jamoaga murabbiylik qilyapman. Bungacha hech qachon bolalar bugungidek yaxshi formada bo‘lmagan. Adaptatsiya yaxshi o‘tmoqda. Olimpiadaga tayyormiz. Bu yerda oson raqib bo‘lmaydi. Nasib etsa, boks bahslarida eng ko‘p oltin medalni olib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritamiz”, deydi murabbiy.

Shuningdek, Farrux Qilichev Parijdagi tushlik vaqtida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan tasodifan uchrashib qolganini bildirib, u bilan nima haqida suhbatlashganini ham aytdi.

“U bilan ko‘rishganimda birinchi navbatda rasmga tushishni taklif qildim. Makron mendan qayerdan kelganligimni so‘radi. O‘zbekistondan keldim, deb javob qaytarganimda, u menga yaqindagina Samarqandda bo‘lib qaytganini aytdi. Rasmga tushib bo‘lgach unga fransuz tilida rahmat dedim, u esa bizga Olimpiadada omad tiladi”, deydi Farrux Qilichev.

Ma’lumot uchun, Parij Olimpiadasida boks bahslari 27 iyulda boshlanadi. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi to‘liq tarkibda medallar uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashhur Amerika nashri O‘zbekiston delegatsiyasi Olimpiadada nechta medalga ega chiqishini taxmin qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Boks O'zbekiston terma jamoasi Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing