Maxsus sertifikati bor o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lanadi
Jamiyat
−
16 aprel 2022
14024Prezident ta’lim muassasalari agentligi (PTMA) huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (Markaz) etib qayta nomlandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 14 aprel kuni qabul qilingan “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Markaz umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholaydi.
Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash barcha talabgorlar uchun shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Baholash natijasi bo‘yicha 2 yil muddat davomida amal qiluvchi “Ilg‘or o‘qituvchi”, “Ustoz o‘qituvchi” hamda “Professional o‘qituvchi” darajali sertifikatlar beriladi. Mazkur sertifikatni olgan pedagog kadrlariga quyidagi miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:
• “Ilg‘or o‘qituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida;
• “Ustoz o‘qituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 70 foiz miqdorida;
• “Professional o‘qituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz miqdorida.
Ushbu sertifikatlarni olgan pedagog kadrlar Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalariga ularning malaka toifasidan qat’i nazar ishga qabul qilinadi.
LiveBarchasi