“Maxsus kuchlarni jilovlab turibman”. Japarov bosh ko‘targan bozorchilarga tahdid qildi

Olam

image

Kecha, 5 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov patent tizimi bekor qilinib, kassa apparatidan hisobdan o‘tkazish joriy etilayotganidan norozi tadbirkorlar bilan uchrashish uchun Bishkekdagi “Dordoy” bozoriga borgandi. Bugun, 6 dekabr kuni davlat rahbari bozorga nima uchun mas’ul xodim yubormasdan, shaxsan o‘zi namoyishchilar qarshisiga chiqqani sababini aytdi. Bu haqda “Kabar” agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Prezident Sadir Japarov bir yildan buyon bozorlarga soliq xodimlarini jo‘natib kelayotganini bildirgan.

“Ular bu masalani xalqqa to‘g‘ri tushuntirish o‘rniga, teskarisini qilishga chaqirishdi. Chunki savdogarlar kassa apparatlaridan foydalanishni boshlasa, ularning cho‘ntagiga pul tushishi to‘xtaydi. Shunday qilib, men o‘zim bordim. Bozorlarda odamlar qanday miting o‘tkazayotganini ko‘rib, nima bo‘layotgani haqida ishonchli ma’lumot to‘plash uchun ko‘rsatmalar bilan ishchi guruh yubordim. Vazirlar Mahkamasi oddiy xalqni qiynayaptimi yoki yo‘qmi, buni shaxsiy manbalar orqali aniqlashni so‘radim. Men hammasini bilib, kassa apparatlarini joriy etishni kechiktirishga bordim”, deydi davlat rahbari.

Undan kechiktirish muddati tugagandan so‘ng, ya’ni kelasi yilning iyul oyidan nazorat-kassa mashinalari kiritiladimi yoki patent tizimi saqlab qolinadimi, deb so‘ralganda, Prezident quyidagicha javob berdi:

“Mensiz bu masala hal bo‘lmaydi, shekilli. Komissiya tuzib, uning tarkibiga bozor egalari yoki konteyneri bor boylarni emas, oddiy savdogarlarni kiritishni buyurdim. 1 iyulga qadar ehtiyotkorlik bilan ishlaymiz. Keyin qaror qilamiz: kassani joriy etamiz yoki boshqa yo‘l topamiz, lekin bir qarorga kelamiz”, degan Japarov.

Shu bilan birga, u bozorlarga nazorat-kassa mashinalarini joriy etishdan maqsad yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish ekanini urg‘ulagan.

“Xitoy orqali bizga keladigan tovarlar hajmi 14 milliard dollarga yetadi. Ammo bizning statistikamiz bor-yo‘g‘i 4 milliard dollarni ko‘rsatadi. Bu hamma narsa yashirin iqtisodiyotga o‘tishini anglatadi. Ular hamma narsani ulgurji sotadi, soliq to‘lamaydi. Faqat kassa apparatini joriy qilish orqali biz qancha mahsulot aylanayotganini bilib olamiz. Agar patentda o‘tirsak, buni 50 yil davomida ko‘rmaymiz”, degan Sadir Japarov.

Bundan tashqari, Prezident agar odamlarni mitinglarga chiqishga undash davom etsa, hukumat ularning ortida turgan tashkilotchilar masalasini 5 soniyaga qolmay hal qilishini aytib, tahdid qilgan. 

“Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, “Qumtor”dagi kabi bozorlarga tashqi boshqaruvni joriy qilamiz va qisqa vaqt ichida auditni boshlaymiz”, degan Japarov.

 U so‘zida davom etarkan, bozor egalari, undagi ijaraga beriladigan konteynerlar xo‘jayinlari va savdogarlarni davlatga qarshi namoyishlarga undayotgan tadbirkorlarga kosa tagida nima kosali murojaat qilib, agar davlat o‘tgan yillarda yashirilgan tushumlar, to‘lanmagan soliqlar, “patent” niqobi ostidagi aylanmalar, mol-mulklarni aniqlashni boshlasa, o‘sha bosh ko‘tarayotgan yoki bu ishlarning ortida turganlar nafaqat kelgusidagi daromadi, balki bugungacha orttirganlari hisobidan ham badal to‘lashiga to‘g‘ri keladi. 

“Men hozir xavfsizlik kuchlarini jilovlab, vaziyatni bu darajaga yetkazmayapman, chunki ularning barchasi bizning fuqarolarimiz. Ularga imkoniyat bering, dedim. Hattoki, nafaqat savdogar va tadbirkorlar, balki sobiq va amaldagi amaldorlar ham o‘z mulklarini qonuniylashtirishi uchun qonun qabul qildik. Konteyner bozorlarining ba’zi egalarida besh yoki oltita kvartira va Lexus LX570 mashinasi bor. Ammo ular boshqa odamlar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ilgari biz barcha mol-mulkni boshqalar nomiga rasmiylashtirgan edik, bu sir emas. Endi ular buni o‘zlari ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin”, deydi davlat rahbari.

U hech kim o‘z daromadini, boyligini yashirmasligi kerakligini aytib, hammadan tegishli soliqni to‘lashni so‘radi.  

“Ammo bugun hech kim o‘z mulkini oshkor qilgani yo‘q. Men buni o‘zim boshlashga qaror qildim. Tez orada qancha mulkim borligini bilib olasiz”, deya qo‘shimcha qilgan Japarov.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 yanvardan Qirg‘izistonda savdo faoliyati uchun patent bekor qilinishi va soliq to‘lovlarini o‘zgartirilishi e’lon qilingandan so‘ng, mahalliy bozor savdogarlari namoyishga chiqdi. 

Shu maqsadda joriy yilning 30 noyabr kuni mamlakat poytaxtidagi “Dordoy” bozori va O‘sh viloyatidagi “Qorasuv” bozorida miting bo‘lib o‘tdi. 1 dekabrda Bishkekdagi “Olamedin” bozorida ishlayotgan tadbirkorlar, shuningdek, “Orto-Say” va “Madina” bozorlari ishchilari miting o‘tkazdi. Bozorlarda nazorat-kassa mashinalaridan majburiy foydalanishga qarshi mitinglar nafaqat Bishkekda, balki O‘sh, Talas va Qorako‘l shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston miting Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing