Maxsus binolar qurilishi cho‘zilib ketgani sabab, Parlament Po‘lat Bobojonovga so‘rov yubordi

Jamiyat

image

Navoiy, Sirdaryo, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus qabulxonalar qurilishi bugungi kungacha nihoyasiga yetkazilmagani sababli O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga Parlament so‘rovi yubordi.

Ma’lumki, qonunchilik amaliyotida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlar, davlat dasturlari hamda ularning vakolatlariga kiradigan muhim masalalar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish tartibi mavjud.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bir nechta vazirlik, jumladan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga parlament so‘rovlari yuborildi.

Gap shundaki, 2017 yil 9 yanvarda qabul qilingan "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi Qonunga asosan mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan edi. Buning sababi ma’muriy qamoq o‘tash muddati belgilangan shaxslar saqlanadigan ma’muriy qamoq binolarini qurib bitkazish talab etilardi. Toshkent shahrida (150 o‘rinli), Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida (75 o‘rinli) hamda Andijon va Jizzax viloyatlarida (60 o‘rinli) maxsus qabulxona binolari qurib bitkazildi xolos.

Ayrim viloyatlarda, xususan, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus qabulxonalar qurilishi bugungi kunga ham nihoyasiga yetkazilmagan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga Qonunchilik palatasining qarori bilan "Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarning binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida" parlament so‘rovi yuborildi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov Parlament

Baholaganlar

119

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing