Zelenskiy Bosh vazirlikka nomzod ko‘rsatdi hamda Mudofaa vazirini ishdan oldi
Olam
−
16 iyul 7201 4 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlatning energetika kompaniyasi rahbarini Bosh vazir lavozimiga tavsiya qildi, shuningdek, urushning hal qiluvchi bosqichida Mudofaa vazirini ham almashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.
Qayd etilishicha, Prezident Vladimir Zelenskiy kecha, 15 iyul kuni davlatga qarashli “Naftogaz” kompaniyasi rahbari Sergiy Koretskiyni Ukrainaning yangi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya qilgan. Shu bilan birga, parlament deputatlari davlat rahbari Mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovni ham almashtirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.
Ayrim deputatlar va tahlilchilar Fedorovning lavozimdan ketishidan xavotir bildirib, bu Ukraina armiyasi Rossiyaning neft sanoatiga zarba berayotgan va Moskva qo‘shinlarining frontdagi ilgarilashini sekinlashtirayotgan bir paytda mamlakatning harbiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Kiyevda jurnalistlar bilan muloqotda Zelenskiy davlatning “Naftogaz” kompaniyasi bosh direktori Sergiy Koretskiyni Bosh vazirlik uchun eng munosib nomzod deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun eng muhim vazifa qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishdir.
“Ustuvor vazifalar aniq – qishga tayyorgarlik. Shuning uchun barcha maslahatlashuvlardan keyin Sergiy Koretskiy Ukraina Bosh vaziri lavozimi uchun eng tayyor nomzod ekaniga ishonchim komil”, degan Zelenskiy.
Manbaga ko‘ra, Sviridenkoning iste’fosi amalda butun hukumatning tarqalishiga olib kelgan. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, Bosh vazirni parlament tasdiqlaydi. Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasi parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgani uchun uning nomzodi ma’qullanishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, asosiy e’tibor hukumatning mudofaa sohasiga qaratildi. Parlament deputatlari Prezident bilan uchrashuvdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Zelenskiy 2023 yildan buyon Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlayotgan Igor Klimenkoni Mudofaa vaziri etib tayinlashni rejalashtirayotganini yozgan. “Xalq xizmatkori” partiyasi deputati Olga Vasilevskaya-Smaglyuk ham Klimenkoning nomzodi ilgari surilishini tasdiqlagan.
Fedorovga hukumatda boshqa lavozim taklif etiladimi-yo‘qmi, hozircha ma’lum emas. U olti oylik faoliyati davomida Ukraina armiyasini samaraliroq kuchga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni boshlagan edi. Ayrim deputatlar Fedorovni almashtirish Ukrainaning urushdagi imkoniyatlariga yordam bermasligini aytgan.
Parlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Aleksandr Merejko bu qarordan norozi ekanini bildirgan.
“Fedorov xalqaro hamkorlarimiz orasida katta hurmatga ega. Uning nomi Mudofaa vazirligida haqiqiy islohotlar umidi bilan bog‘langan edi”, deb yozgan u.
Ko‘ngillilar harakati va dronlardan foydalanish bo‘yicha faol Mariya Berlinskaya esa Fedorovning almashtirilishini “Prezident Zelenskiyning eng katta xatolaridan biri” deb atagan.
“Prezidentning bu qarori bizga shunchaki zarar yetkazmaydi, balki juda katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Buning bahosi yuz minglab odamlarning hayoti va salomatligi bo‘ladi, balki undan ham ko‘proq”, degan u.
Fedorov esa Telegram orqali murojaatida Ukrainaga xizmat qilish o‘zi uchun “katta sharaf” bo‘lganini ta’kidlagan. U amalga oshirilgan ishlar qatorida dronlarga sarmoyalarni ko‘paytirish va harbiy xaridlar tizimini yangilashni sanab o‘tgan. Uning aytishicha, hali bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalardan biri “Mudofaa vazirligini NATO standartlari va sog‘lom aql tamoyillari asosida o‘zgartirish” hisoblanadi.
Qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar Ukrainada Zelenskiyning urush davridagi rahbarligiga nisbatan jamoatchilik va parlament ishonchiga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayni paytda mamlakat havo mudofaasi vositalari va shaxsiy tarkib yetishmasligi kabi jiddiy muammolarga ham duch kelmoqda.
Fedorov tarafdorlarining aytishicha, uning mudofaa xaridlari tizimini shaffoflashtirishga qaratilgan islohotlari ayrim ta’sir doiralarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, u harbiy xizmatga jalb qilish tizimini isloh qilish bo‘yicha va’dalarni tez bajarmagani uchun ham tanqid qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, Ukrainada raqamli transformatsiya bo‘yicha ilk vazir sifatida Fedorov davlat xizmatlarini keng qo‘llaniladigan yagona ilovaga jamlashga muvaffaq bo‘lgan. Mudofaa vaziri sifatida esa u dronlar xaridini kengaytirish va Rossiya qo‘shinlarini resurs jihatidan zaiflashtirishga qaratilgan ma’lumotlarga asoslangan strategiyani amalga oshirgani bilan e’tirof etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Zelenskiy Bosh vazir Yuliya Sviridenkoni bir yil ishlaganidan so‘ng lavozimidan ozod qilgandi. Keyin esa Parlament uning iste’fosini qabul qilgan va yangi Bosh vazir nomzodini bugun, 16 iyul kuni ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Prezident bu qaror sabablarini batafsil izohlamagan, faqat rahbariyatni yangilash maqsad qilinganini aytgan.
Live
Barchasi