“Maxsus harbiy operatsiya” zonasida vaziyat keskin – Surovikin
Olam
−
19 Oktabr 2022
19136Ukraina hududidagi “maxsus harbiy operatsiya” zonasida vaziyat keskin. Bu haqda 18 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi kuchlari birlashgan guruhi qo‘mondoni, armiya generali Sergey Surovikin ma’lum qildi.
“Maxsus operatsiya” zonasidagi vaziyat umuman tarang, dushman Rossiya qo‘shinlari pozitsiyalariga hujum qilishga urinishlarini qoldirmayapti”, deydi u “Rossiya 24” telekanali efirida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari guruhi o‘z tarkibini oshirmoqda, zaxiralar yaratmoqda va butun aloqa chizig‘i bo‘ylab mudofaa pozitsiyalarini qurmoqda.
Surovikin, shuningdek, Kiyevni Xerson viloyatidagi Kaxovskaya GESi to‘g‘oniga “raketa hujumini tayyorlashda” aybladi.
Generalning ta’kidlashicha, Rossiya Qurolli kuchlari Rossiya hukumati tomonidan tayyorlanayotgan ko‘chirish dasturi bo‘yicha aholining Xerson viloyatidan xavfsiz chiqib ketishini ta’minlaydi.
“Xersonga nisbatan keyingi harakatlar paydo bo‘lgan harbiy-taktik vaziyatga bog‘liq bo‘ladi, bu oson emas, qiyin qarorlarni inkor etib bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qildi Surovikin.
Qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yuqori sur’atlarda oldinga siljish uchun intilmayapti, u har bir askarni himoya qiladi va yaqinlashib kelayotgan dushmanni metodik ravishda parchalaydi.
U, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainada so‘nggi “Kinjal” gipertovushli raketa tizimidan muvaffaqiyatli foydalanilgani haqida ma’lum qildi. Surovikinning so‘zlariga ko‘ra, ular nishonga zarba berishda o‘zini yaxshi ko‘rsatgan.
LiveBarchasi