Putin Suriyadagi “jallod”ini Ukrainaga olib kirdi. Bugungi bombardimonlar hali boshlanishimi?

Tahlil

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 10 oktyabr kuni Ukraina bo‘ylab tinch aholi hududlariga raketa hujumlarini uyushtirdi. Bu holat rus hukumatining Suriyadagi qonli va halokatli harakatlarini esga soldi. Ayni damda Kiyevga havo mudofaasi juda muhim ekanligi g‘arblik ittifoqchilar uchun yana bir signal bo‘ldi, deya yozmoqda “Politico” nashri.

Oxirlab borayotgan kunimizda Kiyev, Lvov, Dnepr, Zaporojle va boshqa viloyatlar ko‘chalarida o‘tkazilgan shiddatli bombardimonlar ajablanarli emas. 

Putin general Sergey Surovikinni Ukrainadagi urush harakatlarining qo‘mondoni sifatida tayinlash orqali yanada shafqatsiz taktikaga o‘tishga tayyorligini bildirdi. Chunki bu qo‘mondon  Suriyada 2017 yildan 2020 yilgacha Rossiya kuchlarini boshqargan.

Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishidagi chiqishida Putin harbiy zarbalar Qrimni Rossiya bilan bog‘lovchi Kerch ko‘prigiga qilingan hujumga javoban bo‘lganini aytdi. 

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaning energetika, harbiy qo‘mondonlik va kommunikatsiya ob’ektlari nishonlariga keng miqyosli hujumlar uyushtirish uchun havo, dengiz va quruqlikdan yuqori aniqlikdagi, uzoq masofali qurollarni joylashtirgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Ukraina Rossiya tarkibiga kiruvchi yerlarga zarba berishda davom etsa, rus hukumati o‘z jazosini berishda davom etadi. 

Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya tomonidan uchirilgan 75 ta raketadan 41 tasi urib tushirilgan.

Moskvaning strategik nishonlarga aniq hujumlar uyushtirish haqidagi da’volari, asl maqsad oddiy fuqarolarni o‘ldirish bo‘lmaganiga ishoradek tuyuldi. Lekin raketalar Kiyevning qoq markazidagi Shevchenkivskiy tumaniga ertalabki tirbandlik vaqtida zarba bergan. Jurnalistlar va xavfsizlik kameralaridan olingan surat va kadrlarida mashinalar yonayotganini ko‘rish mumkin. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram’da Rossiyaning asosiy nishonida ikkita ob’ekt borligini aytdi: butun mamlakat bo‘ylab energetika ob’ektlari va o‘z kundalik hayotlari bilan band bo‘lgan ukrainaliklar.

“Ular vahima va tartibsizlikni xohlaydilar. Bu hujumlar “ayniqsa, imkon qadar ko‘proq zarar yetkazish uchun tanlangan bir vaqtda sodir bo‘ldi... Nega aynan shunday zarbalar? Dushman qo‘rqishimizni xohlaydi, odamlarni yugurtirmoqchi. Ammo biz faqat oldinga yugura olamiz va biz buni jang maydonida namoyish etamiz. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi”, deydi Zelenskiy Kiyev ko‘chalarida mobil telefoni orqali suratga olingan videoda.

Zelenskiy, shuningdek, G‘arbga Ukrainani qo‘shimcha havo mudofaasi bilan ta’minlash bo‘yicha murojaatlarini takrorladi. Kiyev bir necha hafta davomida qo‘shimcha o‘t o‘chirish moslamalarini talab qilmoqda va Rossiya qishda Ukrainaning energetika va sanoat infratuzilmasini ishdan chiqarishga urinib ko‘rishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Havo hujumidan mudofaa batareyalari bo‘yicha ushbu munozaralar AQSH boshchiligidagi Ukraina mudofaa bo‘yicha aloqa guruhida (Ramshteyn formati sifatida ham tanilgan – tahr.) ko‘rib chiqilishi mumkin va butun  dunyo bo‘ylab yuqori martabali mudofaa amaldorlari shu hafta oxirida Bryusselda to‘planishi kutilmoqda.

“Rossiyaning raketa terroriga eng yaxshi javob – Ukrainaga zenit va raketaga qarshi tizimlarni yetkazib berishdir. Ukraina osmonini himoya qiling! Bu bizning shaharlarimiz va odamlarimizni himoya qiladi. Bu Yevropa kelajagini himoya qiladi. Yovuzlik jazolanishi kerak”, deydi Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov.

Rossiyaning Suriyadagi jallodi

Surovikin Rossiyaning Ukrainadagi yangi qo‘mondoni sifatida 8 oktyabr kuni e’lon qilindi. 55 yoshli general, lavozimga ko‘tarilishidan oldin Rossiyaning Janubiy harbiy okrugi va Suriyadagi rus qo‘shinlariga rahbarlik qilgan va u uzoq vaqtdan beri shafqatsizligi bilan mashhur.

U Tojikistonda 1990 yilda Dushanbedagi aksilsovet tartibsizliklarini zo‘ravonlik bilan bostirishga aloqador bo‘lgan va u qo‘mondonligi ostidagi askarlar Moskvada o‘sha paytdagi SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyovga qarshi muvaffaqiyatsiz to‘ntarish paytida uch namoyishchini o‘ldirgani uchun qamoqqa tashlangan (1991 yil avgustda ozod etilguniga qadar – tahr.). 1995 yilda Surovikin noqonuniy qurol savdosida qatnashgani uchun shartli jazoga hukm qilindi (keyinchalik u bekor qilindi). U Rossiyaning ikkinchi Chechen urushida ham rol o‘ynagan, 42-gvardiya moto o‘q otish diviziyasiga qo‘mondonlik qilgan.

Human Rights Watch nodavlat tashkiloti Surovikinni Suriyaning Idlib viloyatidagi 2019-2020 yillardagi fuqarolik nishonlari va infratuzilmalariga hujumlar, uylar, maktablar, sog‘liqni saqlash muassasalari va bozorlarga zarbalar bilan ayblagan.

Rossiya kuchlarining Suriyada harbiy jinoyatlarda ayblanishi birinchi marta emas. Kreml qo‘shinlari suriyaliklar bilan hamkorlikda 2016 yilda Aleppoda muxolifat nazoratidagi hududlarni bir oylik bombardimon kampaniyasini o‘tkazdi, buning oqibatida yuzlab tinch aholi, jumladan 90 nafar bola halok bo‘ldi. Yoppasiga havo hujumlari, kassetali o‘qlar va o‘t o‘chiruvchi qurollar bilan tinch aholi manzillariga, shu jumladan, tibbiyot muassasalariga zarba berdi.

Endilikda, Ukrainada Rossiya qo‘shinlari urush oqimini boshqarayotgani va Putinning urushdagi vaziyatga to‘g‘ri kelmaydigan to‘la-to‘kis ritorikasi orqali Surovikin tinch aholiga katta zarar yetkazishdek eski taktikasiga o‘tayotganga o‘xshaydi.

Musulmon Ziyo


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Sergey Surovikin

Baholaganlar

873

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing