General Armageddon Afrikada ko‘rinish berdi
Olam
−
16 Sentabr 2023
14315Ukrainadagi rus qo‘shinlarining sobiq qo‘mondoni Sergey Surovikin Mudofaa vazirligi delegatsiyasi tarkibida Jazoirga bordi. Bu haqda harbiy rahbarga yaqin manbalarga tayanib, “Kommersant’” xabar berdi.
“Surovikinning rasmiy delegatsiyaga kiritilishi Mudofaa vazirligi rahbariyatining generalga ishonchini saqlab qolganidan dalolat beradi. Jazoirga safari uning “sharqiy yo‘nalishdagi” yangi ishi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin”, degan manba.
Aytilishicha, sobiq qo‘mondon Afrikadagi Shimoliy harbiy okrug hududida bo‘lgan. Surovikin uchrashuvda faxriy mehmon sifatida ishtirok etyapti. Shu bilan birga, martabali zobitlar zamonaviy qurol tizimlari ta’minotini muhokama qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, armiya generali Sergey Surovikin 2017 yilning martidan dekabrigacha Suriyadagi Rossiya qurolli kuchlari guruhi qo‘mondoni bo‘lgan. 2017 yil 31 oktyabrda u Rossiya Federatsiyasi Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimini egallagan. 2022 yil 8 oktyabrda Surovikin Ukrainadagi Rossiya kuchlari qo‘shma guruhi qo‘mondoni etib tayinlangan. 2023 yil 11 yanvarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Surovikinni Ukrainadagi lavozimidan chetlatib, bu lavozimga Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovni tayinlagan. Surovikin qo‘mondon o‘rinbosari bo‘lgan.
Joriy yilning may oyida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya Qurolli Kuchlari va harbiy kompaniya o‘rtasidagi o‘q-dorilar ta’minoti masalasi bo‘yicha muloqotni Sergey Surovikin nazorat qilishini aytgan. 23 iyunda Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi “Vagner” yollanma askarlari qurolli isyon uyushtirganida ham Surovikin “Vagner” askarlariga murojaat qilib, ularni to‘xtashga chaqirgan.
Biroq 24 iyundan boshlab general jamoat joylarida paydo bo‘lishni to‘xtatgan. “The New York Times” gazetasi AQSH razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, Surovikin isyon tayyorlanayotganini bilgani, uning maqsadi Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyatini o‘zgartirish bo‘lganini yozgan. 22 avgust kuni OAV manbalarga tayanib, Surovikin Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berdi. Mudofaa vazirligi iste’foga chiqqanini rasman e’lon qilmagan, ammo sentyabr oyida Mudofaa vazirligi veb-saytidan general haqidagi eslatmalar yo‘qoldi. Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi a’zosi Viktor Zavarzinning aytishicha, general MDHda yaxshi lavozimga ega bo‘lgan. “EADaily” nashri esa MDH Mudofaa vazirlari kengashiga tayanib, Surovikin MDH havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtirish qo‘mitasi rahbari lavozimiga tayinlanganini yozdi. Nashrga ko‘ra, generalning nomzodi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.
LiveBarchasi