General Surovikinga “dam berildi”

Olam

image

General Sergey Surovikin Rossiya Federatsiyasi Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ozod etildi. Bu haqda manbalariga tayanib, RBK xabar berdi. 

Aytilishicha, Surovikin “boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan” egallab turgan lavozimidan ozod etilgan bo‘lib, u hozirda "ta’tilda".

“Exo Moskvi” gazetasining sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktovning yozishicha, Rossiya Prezidenti farmoni bilan Surovikin iste’foga chiqqan. Unga ko‘ra, general Rossiya Mudofaa vazirligi ixtiyorida qolgan. Farmonning o‘zi hali rasman e’lon qilinmagan.

“Krovavaya barinya”ning yozishicha, Surovikin 18 avgust kuni yopiq farmon bilan o‘z lavozimidan chetlashtirilgan. Ayni paytda oilasi u bilan bog‘lana olmayapti.

“Vajniye istorii” kanali esa Putinning ushbu sanalar bo‘yicha davlat farmonlarini raqamlashda bo‘sh joy borligini ma’lum qilgan. 17 avgustda Putin "Rossiya Federatsiyasining ilmiy va texnologik rivojlanishi prognozini ishlab chiqish va tuzatish tartibi to‘g‘risida" gi 622-sonli farmonni, 18 avgustda esa 624-sonli "14-qiruvchi aviatsiya polkiga faxriy nom berish to‘g‘risida"gi farmonni imzolagan.

"Agar Sobchakning ma’lumotlari to‘g‘ri bo‘lsa, Surovikinni chetlatish haqidagi farmon 623-raqam ostida yashiringan bo‘lishi mumkin", deb yozadi jurnalistlar.

“Ribar” kanalining yozishicha, general “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning qo‘zg‘olonidan so‘ng darhol lavozimidan chetlatilgan, ammo rasmiy farmon faqat hozir chiqarilgan. Avvaliga Surovikin Lefortovoda "so‘roq qilish uchun" ushlab turilgan, hozir uning qayerda ekani noma’lum.

RIA Novosti manbasi ham general Sergey Surovikin Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etilganini tasdiqlagan.

“Aerokosmik kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-polkovnik Viktor Afzalov vaqtincha Aerokosmik kuchlar bosh qo‘mondoni vazifasini bajarib kelmoqda”, degan manba.

Afzalov 2018 yil avgust oyidan buyon Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh shtab boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Surovikin Ukrainaga bostirib kirishda qatnashgan qo‘shinlar birlashgan guruhini boshqarganidayoq Afzalov Aerokosmik kuchlar qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.

Sergey Surovikin kim va u nima qildi?

Surovikin 2017 yil oktyabr oyida Rossiya Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni etib tayinlangan. U ilgari armiyada xizmat qilgan va uchuvchi sifatida hech qachon samolyotda uchmagan. 2019 yilning yanvaridan apreligacha general Suriyadagi Rossiya guruhiga qo‘mondonlik qilgan. Surovikin u yerda "General Armageddon" laqabini olgan. Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, u qattiqqo‘l va talabchan harbiy rahbar obro‘si tufayli bunday ta’rifga ega bo‘lgan.

2022 yil 8 oktyabrdan Surovikin Ukrainadagi birlashgan kuchlar guruhini boshqargan, ammo 2023 yil 11 yanvardan boshlab u qo‘mondonning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tushirilgan. 

Sergey Surovikin qachon va nima uchun g‘oyib bo‘ldi?

2023 yil 24 iyunda “Vagner” jangchilari isyon ko‘tarishga urinib, Rostov viloyatidagi bir nechta ob’ektlarni nazorat ostiga olgan. Surovikin qo‘zg‘alonchilarning harakatlarini qoralab, ularni “prezident irodasiga bo‘ysunishga va masalani tinch yo‘l bilan hal qilishga” chaqirgan. “The New York Times” gazetasining yozishicha, general yaqinlashib kelayotgan qo‘zg‘olon haqida bilgan va uni qoralanganiga qaramay, hatto qo‘zg‘olon tashkilotchilariga yordam bergan. Aytilishicha, ba’zi qo‘mondonlar Mudofaa vazirligi rahbariyatini o‘zgartirish fitnasining bir qismi bo‘lishga rozi bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Rossiyada va G‘arbda Surovikin g‘oyib bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil versiyalar ilgari surilgan. “Financial Times” gazetasining uch manbaga tayanib yozishicha, general so‘roq uchun hibsga olingan, biroq unga qanday ayblovlar qo‘yilishi aniq emas. 
Iyul oyida Moskva Jamoatchilik Kuzatuv Komissiyasi Surovikin na Matrosskaya Tishinada, na Kreml markazida bo‘lmagani haqida xabar bergan. Generalning qizi ham otasining hibsga olinganini rad etgan. “Readovka” xabariga ko‘ra, o‘sha paytda Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Rostovda ta’tilda bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Prigojinning bir kunlik isyonidan ko‘p o‘tmay, iyun oyi oxirida general Sergey Surovikin hibsga olingani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Sergey Surovikin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing