Maxachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar bo‘yicha 27 kishi hibsga olingan

Olam

image

Dog‘iston Oliy sudi Maxachqal’adagi tartibsizliklarning 27 nafar ishtirokchisini hibsga olish bo‘yicha qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda TASS Oliy sud matbuot xizmati rahbariga tayanib, xabar berdi

"Dog‘iston Oliy sudiga hibsga olinganlar tomonidan RF Jinoyat kodeksining 212-moddasi 2-qismi (Ommaviy tartibsizliklar uyushtirish)ga oid ayblovlar bo‘yicha 27 ta apellyatsiya shikoyati kelib tushdi. Barcha qarorlar o‘zgarishsiz qoldirildi", deyiladi bu haqdagi xabarda.

Avvalroq Dog‘iston Oliy sudi 17 kishiga nisbatan bunday qarorlarni ma’qullagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 14 noyabrga qadar respublika sudlariga kamida 302 kishiga qarshi noqonuniy miting o‘tkazilgani bo‘yicha bayonnomalar kelib tushgan.

Maxachqal’a xalqaro aeroportidagi tartibsizliklar

29 oktyabr kuni kechqurun Rossiya Federatsiyasidagi Dog‘iston respublikasining poytaxti Maxachqal’adagi xalqaro aeroportga olomon bostirib kirgandi. G‘azo sektoridagi urush paytida Isroildan kelgan samolyot tufayli tartibsizliklar boshlangandi.

Odamlar aeroport yaqinida to‘plana boshlagan. Mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Tel-Avivdan samolyot yetib kelgan. Aeroportga kelgan olomon Isroildan uchib kelgan yo‘lovchilarni topish uchun odamlarning pasportlarini tekshirishni boshlagan. 

Shundan so‘ng, yig‘ilganlar aeroportning xalqaro terminal binosiga bostirib kirib, uni to‘sib qo‘ygan va uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib ketgan.

Soat 21:33 da Federal havo transporti agentligi Maxachqal’a aeroporti "noma’lum shaxslarning kirib kelishi" sababli uchish va kelish uchun yopilganini e’lon qilgan. Bildirilishicha, "vaziyat normallashgunga qadar" uchta reys, jumladan, Moskva va Surgut reysi qoldirilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Dog‘iston bo‘yicha departamenti ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 212-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov ishlari respublika prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ichki ishlar vazirligining Shimoliy Kavkaz federal okrugi bo‘yicha departamenti tartibsizliklarda ishtirok etganlarning barchasini aniqlashga va’da berib, aeroport va uning atrofidagi hududlarda videokuzatuv tizimi mavjudligini ta’kidlagan.

Aeroportdagi tartibsizliklar tufayli Dog‘iston rahbari Sergey Melikov boshchiligidagi "ijtimoiy-siyosiy vaziyat bilan bog‘liq" shtab tuzilgan.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov aeroportga kelganlarning harakatini qo‘pol qonun buzilishi deb atagan. 

Dog‘iston milliy siyosat vaziri Enrik Muslimov aeroportga kelib, yig‘ilganlardan tarqalishni so‘ragan. U bilan birga viloyat yoshlar ishlari vaziri Komil Saidov ham bo‘lgan.

Federal havo transporti agentligi soat 22:20 ga kelib, Maxachqal’a aeroporti aerodromi "ruxsatsiz fuqarolardan ozod qilinganini ma’lum qilgan. 

Dog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi tartibsizliklar oqibatida jarohatlanganlar borligi, 20 kishi, jumladan politsiyachilar ham yaralangani haqida xabar bergan.

“60 kishi qo‘lga olindi, jami 150 nafar tartibsizlik ishtirokchisi aniqlandi”, deb xabar qilgan IIV.

 


Maqola muallifi

Teglar

tartibsizliklar Mahachqal'a aeroporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing