Fransiyada tartibsizliklar boshlanganidan beri 4 ming kishi hibsga olindi
Olam
−
06 iyul 2023 3080 2 daqiqa
Fransiyada tartibsizliklar paytida politsiya va jandarmlar 4 ming kishini hibsga oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi rahbari Jerald Darmanin Senatdagi yig‘ilishda ma’lum qildi.
“To‘polonlar chog‘ida 4000 kishi hibsga olingan, ular o‘rtacha 17 yoshda”, deydi Darmanin.
Hibsga olinganlarning taxminan 10 foizi fransuz fuqaroligiga ega bo‘lmagan.
Darmaninga ko‘ra, qamoqqa olinganlarning yosh chegarasi 11 yoshdan 59 yoshgacha, o‘rtacha yoshi esa 17-18 yoshni tashkil etgan.
“To‘polonlar paytida 23 878 ta o‘t qo‘yish holati qayd etildi, ulardan 12 031 tasi avtomobillarni yondirish holatidir”, deydi u.
Shuningdek, u 2500 dan ortiq binolar, jumladan, 273 huquq-tartibot idoralari binosi, 500 ga yaqin shahar hokimiyati va 168 ta ta’lim muassasasi shikastlanganini qo‘shimcha qilgan.
Fransiyadagi vaziyat
Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.
Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.
Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.
Bundan tashqari, Fransiya Prezidenti tartibsizliklarga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘lganini aytgandi. Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan Belgiya va veysariyada ham namoyishlar bo‘ldi.
Live
Barchasi