Makgregor kutilmaganda prezidentlikka nomzodini qo‘yish fikridan qaytdi

Olam

image

UFC yulduzi Konor Makgregor yaqinda irlandiyaliklardan mamlakat prezidenti lavozimi uchun poygada uni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan edi, biroq u o‘z nomzodini qaytarib olishga qaror qildi. Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.

Makgregor prezidentlikka nomzod bo‘lish bo‘yicha olib borilgan ishlarga qaramay, u o‘z nomzodini qaytarib olayotganini bildirgan. U hozircha AQSHda yashash va bu mamlakatda istiqomat qilayotgan irlandiyaliklarning huquqlari uchun kurashishga qaror qilganini aytgan. UFC yulduzining so‘zlariga ko‘ra, qisqa muddat ichida u “Irlandiyada o‘zgarishlarga erishgan” va “siyosiy jodugar oviga qarshi turgan”.

“Oilam bilan batafsil o‘ylab ko‘rib va maslahatlashib, men bu prezidentlik poygasidan o‘z nomzodimni qaytarib olyapman. Bu oson qaror emas, lekin ayni damda eng to‘g‘ri qaror.

Garchi men bu saylovlarda qatnashmasam ham, mening Irlandiyaga bo‘lgan sadoqatim bu bilan tugamaydi. Men xalqimga xizmat qilishda davom etaman va xalqaro platformamdan foydalanib, Irlandiyaning manfaatlarini chet elda ilgari surishda davom etaman”, deb yozdi Makgregor.

Shu bilan birga, u kelgusida boshqa saylovlarda o‘z nomzodini qo‘yishini va’da qildi.

“Bu yakun emas, balki mening siyosiy yo‘limning boshlanishi. Meni yashash sharoitlarini yaxshilash, huquqlarni himoya qilish va irland xalqiga sadoqat hamda halollik bilan xizmat qilish istagi harakatlantirmoqda. Bu marafon. Sprint emas!” deydi Makgregor.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi boshida UFC yulduzi Konor Makgregor Irlandiya fuqarolariga murojaat qilib, prezidentlikka nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgandi. Shu yilning bahorida esa u Oq uyga tashrif buyurib, AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Shundan so‘ng Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin Konor Makgregorni Oq uyda bildirgan antimigratsion bayonotlari uchun qoraladi. Keyinchalik jangchi Irlandiya prezidentligiga bo‘ladigan yaqin saylovlarda o‘z nomzodini qo‘yishini bildirgandi.  

Qayd etish joiz, Makgregor 2021 yildan beri UFC oktagonida jang qilmayapti. U Dastin Pore bilan bo‘lgan jangda og‘ir jarohat olib, uzoq muddat janglardan voz kechishga majbur bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Konor Makgregor prezidentlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing