Vuchich prezidentlikdan qachon ketishini aytdi
Olam
−
13:50 643 2 daqiqa
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich joriy yilning 25 yoki 26 sentyabr kuni iste’foga chiqishini va shundan so‘ng saylovoldi kampaniyasida oddiy fuqaro sifatida qatnashishini ma’lum qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Vuchichning aytishicha, u Nyu-Yorkdan qaytishi bilan prezidentlik lavozimini tark etadi.
“Men Nyu-Yorkdan qaytishim bilan iste’foga chiqaman. Menimcha, bu 25 yoki 26 sentyabrda bo‘ladi. Shundan so‘ng oddiy fuqaro sifatida saylovoldi kampaniyasiga kirishaman. Men prezident sifatida bosh vazirlik uchun kampaniya olib borishni istamayman”, degan Vuchich.
U shu paytgacha hech bir prezident avval iste’foga chiqib, keyin oddiy fuqaro sifatida saylovoldi kampaniyasida qatnashmaganini ta’kidlagan.
“Hech bir prezident bunday qilmagan. Men birinchi bo‘lishni xohlayman. Oddiy inson va oddiy fuqaro sifatida borishni istayman”, degan u.
Shuningdek, Vuchich sentyabr oxirida BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqib, dunyodagi vaziyat hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash muhimligi haqida gapirishini aytgan.
Uning aytishicha, 1945 yildan buyon shakllangan dunyo tartibi buzilgan va hozir yangi tartib uchun kurash ketmoqda. Vuchich bu jarayon turli mojarolar yuzaga kelish xavfini oshirayotganini ham qayd etgan.
Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, prezident 5 yil muddatga saylanadi va bir shaxs prezidentlikka ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas. Prezidentning vakolati iste’foga chiqishi bilan ham tugatiladi. Aleksandr Vuchich 2017 yilda ilk bor Serbiya Prezidenti etib saylangan, 2022 yilda esa ikkinchi muddatga qayta saylangan. Shu sababli u Konstitutsiyaga ko‘ra uchinchi marta prezidentlikka nomzodini qo‘ya olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni ham Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich “yaqin haftalarda” iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi