Vuchich tez orada iste’foga chiqishini e’lon qildi

Olam

image

Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich “yaqin haftalarda” iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda u kecha, 27 iyun kuni o‘z tarafdorlari oldidagi mitingda chiqish qilayotganda bayon etdi. 

Vuchich uning iste’fosidan keyin mamlakatda muddatidan oldin parlament va prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishini alohida ta’kidlagan. Ushbu saylovlar kuzdayoq o‘tkazilishi kutilmoqda.

Vuchich 12 yildan beri hokimiyatda qolmoqda va uning ikkinchi prezidentlik vakolat muddati 2027 yilning o‘rtalarida yakuniga yetadi. Serbiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, ayni bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezident lavozimini egallay olmaydi.

Bungacha Vuchich hokimiyatda qolish uchun konstitutsiyani o‘zgartirish niyatida emasligini bildirgan edi. Shunga qaramay, u parlament saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirayotganini va mamlakat bosh vaziri lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surishdan umidvor ekanligini e’lon qildi. Vuchich avval ham, 2014–2017 yillarda Serbiya hukumatiga rahbarlik qilgan.

Qayd etish joiz, Vuchich iste’foga chiqishini butun mamlakat bo‘ylab bir yarim yildan beri davom etayotgan talabalarning korrupsiyaga qarshi norozilik namoyishlari fonida ma’lum qildi. Namoyishlarga Novi-Sad shahridagi temir yo‘l vokzalida bostirmaning qulab tushishi va buning oqibatida 16 kishi halok bo‘lishi sabab bo‘lgan edi. 

Talabalarning aksiyalari muntazam ravishda o‘nlab va hatto yuz minglab odamlarni birlashtirmoqda. Namoyishchilar Vuchich va uning atrofidagilarni keng tarqalgan korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik bilan aloqadorlik, siyosiy raqiblarga qarshi kuch ishlatish va so‘z erkinligini bo‘g‘ishda ayblamoqda.

Norozilik namoyishlari ishtirokchilarining talablaridan biri – muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishdir. Jamoatchilik fikriga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb 80 foizi talabalarning korrupsiyaga qarshi talablarini, yana 64 foizi esa namoyishlarning o‘zini qo‘llab-quvvatlaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing