Magistraturaga topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxta – Toshqulov
Jamiyat
−
29 iyul 2022
109462022-2023 o‘quv yilida magistratura bosqichida o‘qish uchun hujjat topshirayotganlarning 70 foizi xorijiy tilni bilish bo‘yicha soxta sertifikat taqdim etgan. Bu haqda kecha, 28 iyul kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ijodiy, kasbiy imtihonlarini shaffof o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Toshqulov yig‘ilishda magistraturaga topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilayotganini qattiq tanqid qilgan.
Vazir mas’ullarga ushbu holatni qat’iy nazoratga olish, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirish, soxta sertifikat topshirganlarni o‘qishdan chetlatish bo‘yicha zarur ko‘rsatma bergan.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor ayni kunda boshlangan ijodiy, kasbiy imtihonlarni shaffof va xolis o‘tkazish bo‘lgan. Toshqulov mas’ullarga imtihonlarni nazorat qilishga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar uchun yetarli sharoitlar yaratish, jumladan jarayonlarni adolatli o‘tkazishda halolligini ko‘rsatgan mutaxassislarni katta miqdordagi qo‘shimcha pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish zarurligini ta’kidlagan.
Kasbiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami qabul parametrlari 2 515 tani tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 1 mln 200 ming nafardan oshgan. Ulardan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 60 177 nafar, test bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni esa 66 371 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan joriy yildan magistraturaga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi