MAGATE Eron atom bombasi yaratayotganining alomatlarini ko‘rmadi
Olam
−
09 iyul 2612 2 daqiqa
Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Tehronning yadro quroliga ega bo‘lishga tayyorlanayotgani alomatlarini qayd etmadi. Bu haqda agentlik bosh direktori Rafael Grossi Polshaning “Rzeczpospolita” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi va uning mavjudligi ikki xil masala. Biz taqdim etgan ma’lumotlar haqiqatan ham nozik edi, chunki u yadroviy bomba yaratish uchun ma’lum potensialni ko‘rsatdi. Ammo bu ushbu potensial amalga oshishini da’vo qilish uchun asos bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi Grossi.
U Tehronning bunday niyati bo‘lgan taqdirda ham “oylar va undan ham ko‘proq vaqt” ketishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “eronliklar hali boshlanmagan boyitilgan uranni metallga qayta ishlashlari kerak edi”.
“Ikkinchidan, yadro kallagiga sig‘adigan darajada kichik bo‘lishi kerak bo‘lgan juda murakkab tizimlarning butun turkumini yaratish kerak”, deb tushuntirdi u.
Grossi, shuningdek, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Eron yadroviy inshootlariga hujum qilish qarorini baholashdan bosh tortdi va MAGATEning vazifasi faktlarni aniqlash va ular bo‘yicha hisobot berish ekanini ta’kidladi.
“Va ularni davlat rahbarlari qanday talqin qilishadi, bu ularning ishi. Men bu borada hukm qilishni xohlamayman”, dedi agentlik rahbari.
Bundan tashqari, u Eron yadro dasturi muammolarini harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini yana bir bor ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagandi. Oradan bir kun o‘tmasdan Eron javob hujumini amalga oshirdi.
Qo‘shma Shtatlar mojaro avj olganidan to‘qqiz kun o‘tib, urushga kirdi: 22 iyunga o‘tar kechasi Amerika qurolli kuchlari Eronning uchta yadroviy ob’ektiga hujum qildi.
23 iyun kuni kechqurun Tehron Amerikaning Yaqin Sharqdagi eng yirik aviabazasi – Qatardagi Al-Udeydga raketa hujumi uyushtirdi. AQSH rasmiylariga ko‘ra, qurbonlar va jiddiy vayronalar yo‘q. Keyinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi. O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 24 iyundan kuchga kirdi.
Live
Barchasi