Madrimov Kroufordga qarshi jang uchun taktika tayyorlamoqda – Shahram G‘iyosov
Sport
−
14 may
6302O‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov amerikalik yengilmas Terens Kroufordga qarshi jang uchun maxsus taktika tayyorlamoqda. Bu haqda boshqa bir bokschi Shahram G‘iyosov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Boksda bitta zarba hamma narsani hal qilishi mumkin. Oldindan hech narsa deya olmayman, lekin Madrimovning g‘alaba qozonishiga ishonaman. Hozir Madrimov qizg‘in mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Isroil jismoniy va texnik tomondan yetuk bokschi. U hozirda murabbiylari bilan Kroufordga qarshi jang uchun taktika tayyorlamoqda. Uning imkoniyatlari yaxshi. Nasib etsa, Kroufordga qarshi jangda uning oldida bo‘laman”, deydi G‘iyosov.
Qayd etish joiz, Madrimov va Krouford aprel oyida jang oldidan rasmiy tadbirda ishtirok etib, ilk marta nigohlar jangida ro‘baro‘ kelishgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shahram G‘iyosovning yangi jangi qachon o‘tkazilishi xabar qilingandi. 30 yoshli G‘iyosov aynan Isroil Madrimov jang qiladigan turnirda ringga chiqishi kutilmoqda.