Krouford faoliyatini davom ettirishga tayyorligini aytdi

Sport

image

Uch vazn toifasida sobiq mutlaq jahon chempioni Terens Krouford WBO versiyasi bo‘yicha o‘rta vazn chempioni Jaron Ennisga qarshi jang o‘tkazish uchun professional faoliyatini tiklashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Krouford o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.

Krouford ijtimoiy tarmoqda Ennisga murojaat qilib, agar ringga qaytsa, keyingi jangida unga qarshi chiqishga tayyormi, deb so‘ragan.

“Bir narsani aniq aytmoqchiman! Hammangiz mening qaytishimni va yana ringga chiqishimni xohlayapsiz, shunday emasmi? Jaron Ennis, agar men qaytsam, keyingi jangda men bilan jang qilasizmi?” deb yozdi amerikalik bokschi.

Ennis ham jangga tayyorligini tasdiqladi.

“Terens Krouford, 1000 foiz”, deb javob berdi u.

Krouford o‘tgan 2025 yil oxirida professional boksdagi faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan edi. U so‘nggi jangini 2025 yil 13 sentyabr kuni o‘tkazib, meksikalik Saul “Kanelo” Alvaresni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etgan. Shu tariqa Krouford super o‘rta vazn toifasida mutlaq jahon chempioniga aylangandi.

Amerikalik bokschi avvalroq birinchi yarim o‘rta vazn va yarim o‘rta vazn toifalarida ham mutlaq jahon chempioni bo‘lgan. Shu tariqa u uch xil vazn toifasida mutlaq chempionlikka erishgan.

Ma’lumot uchun, Krouford professional faoliyati davomida 42 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. Uning 31 ta g‘alabasi nokaut bilan yakunlangan.

Jaron Ennis esa so‘nggi jangini 2026 yil iyun oyida o‘tkazib, Xander Zayasni yettinchi raundda texnik nokautga uchratgan. Ennis hisobida 36 ta g‘alaba bor bo‘lib, shularning 32 tasini nokaut bilan qo‘lga kiritgan. U ham professional faoliyatida hali mag‘lubiyatga uchramagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing