Madrimovning navbatdagi jangi sanasi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
10:44 1563 1 daqiqa
WBA yo‘nalishi bo‘yicha sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov joriy yilning 30 oktyabr kuni Toshkentda ozarbayjonlik bokschi Seymur Isayevga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu haqda O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isroil Madrimov va Seymur Isayev o‘rtasidagi jang Toshkentdagi “Humo Arena”da bo‘lib o‘tadi.
Madrimov 2024 yil mart oyida Magomed Qurbonovni beshinchi raundda texnik nokautga uchratib, WBA kamariga ega chiqqandi. Shuningdek, u Terens Krouford va Virjil Ortis kabi mashhur bokschilarga qarshi jang qilgan. 2026 yil yanvar oyida ringga qaytgan Madrimov Luis David Salazarni ochkolar hisobida mag‘lub etgan.
Seymur Isayev chap qo‘lda jang qiladigan bokschi bo‘lib, professional ringdagi nokautlari bilan tanilgan. U UBO versiyasi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Madrimov professional faoliyati davomida WBA Inter-Continental va IBF Inter-Continental mintaqaviy chempionlik kamarlarini ham qo‘lga kiritgan. Havaskorlar o‘rtasida esa 2017 yilgi Osiyo chempionati va 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan, 2014 yilgi Osiyo o‘yinlarida 75 kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi