Madagaskar Prezidentiga suiqasdning oldi olindi 

Olam

image

Madagaskar poytaxti Antananarivu apellyatsiya sudi bosh prokurori Bertin Razafiarivuni bir guruh shaxslar “davlat jinoyati”da ayblanib hibsga olinganini e’lon qildi. “Midi Madagasikara” nashriga asoslanib, xabar berilishicha, guruh tarkibiga faqat “chet elliklar va malagasiyaliklar” kiradi.  

Mahbuslar Madagaskar Prezidenti Andri Radzuelinani o‘ldirishga urinishda ayblanmoqda. Hibsga olinganlar orasida ikki nafar iste’fodagi fransuz askarlari ham bor. 

Ishning tafsilotlari oshkor qilinmagan, faqat tergovda ularning ayblari to‘g‘risida hujjatli dalillar borligi aytilgan. Qayd etilishicha, ushbu ish bo‘yicha hibsga olinganlarning aniq soni noma’lum. Bosh prokuror Prezidentga suiqasd tayyorlanayotgan bo‘lganini ta’kidlagan. 

Qayd etilishicha, fransuz sobiq harbiylari bir vaqtning o‘zida maxsus kuchlar zobitlari ham bo‘lgan. Ulardan biri iste’fodagi polkovnik bo‘lib, o‘tmishda Chaddagi fransuz kuchlari polkiga qo‘mondonlik qilgani aytilmoqda. Yana biri sobiq havo-desant qo‘shinlari instruktori bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, so‘nggi kunlarda Prezidentning xatti-harakatlarida keskinlik yoki asabiylashish bo‘lmagan. Manba suiqasd haqidagi xabar Madagaskarning sobiq Prezidenti Mark Ravalumananaga yaqin bo‘lgan muxolifat kuchlari konferensiyasi arafasida paydo bo‘lganini ta’kidlamoqda. 

Nashrning yozishicha, bir necha hafta oldin hukumatning bir qancha a’zolariga, jumladan milliy jandarmiya rahbari, general Rishar Ravalumananaga qarshi suiqasd fosh etilgan. Ushbu ish bo‘yicha olti kishi, shu jumladan Madagaskarning yana bir sobiq Prezidenti Eri Radzaunarimampianinaning sobiq qo‘riqchilari hibsga olingan. 

Eslatib o‘tamiz, Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz joriy yil 7 iyulga o‘tar kechasi shaxsiy qarorgohiga qilingan hujumda o‘ldirildi. Marhum Prezidentning dafn marosimi ertaga, 23 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident suiqasd Madagaskar

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing